Odil sudlovga erishish imkoniyatlari kengaymoqda
Mamlakatimizda inson huquq va erkinliklari, sha’ni, qadr-qimmati, manfaatlari, davlat organlarining jamiyat oldida hisobdorligini ta’minlash islohotlarning bosh maqsadi etib belgilangan.
Adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish, sud hokimiyatining amalda mustaqilligini ta’minlash, sudlar faoliyati samaradorligi va odil sudlov sifatini oshirish maqsadida 2023 yil 16 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Mazkur hujjat mazmun-mohiyati haqida Navoiy viloyati ma’muriy sudi raisi Akmal MURODOV O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:
– Prezidentimizning “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan 2023-2026 yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi va ushbu strategiyani amalga oshirish bo‘yicha harakatlar dasturi tasdiqlandi, – deydi Akmal Murodov. – Adolatli sud qarorlari qabul qilinishiga erishish orqali xalqning, shu jumladan, tadbirkorlarning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, har bir shaxs sud va sudyalar siymosida o‘zining ishonchli himoyachisini ko‘rishiga erishish bilan birga, sud qarorlarining qat’iy ijrosini ta’minlash, bu borada davlat organlari va mahalliy hokimliklarning mas’uliyatini oshirish, strategiya doirasida odil sudlovni ta’minlashning ustuvor vazifalari sifatida belgilandi.
Harakatlar dasturi 10 ta bo‘lim 28 ta banddan iborat bo‘lib, uning “Odil sudlov sifatini tubdan oshirish” deb nomlanuvchi 2-bo‘limining 5-bandi ma’muriy sud ish yurituvini takomillashtirishga qaratilgan.
Ushbu bandda 2023 yil noyabr oyiga qadar “Ma’muriy sud ish yurituvini takomillashtirish konsepsiyasi”ni ishlab chiqish belgilangan bo‘lib, unda ma’muriy organlar bilan fuqarolar va tadbirkorlar o‘rtasidagi barcha nizolarni xatlovdan o‘tkazib, sudlovga taalluqliligiga oid qoidalarni takomillashtirish, ma’muriy sud ish yurituvi prinsiplarini tanqidiy o‘rganib, ommaviy-huquqiy munosabatlarning mazmun-mohiyatini aks ettiruvchi prinsiplarni kiritish nazarda tutilgan.
Shuningdek, ma’muriy sud ish yurituviga da’vo institutini kiritib, ma’muriy organlar ustidan beriladigan da’vo turlarini aniq belgilash, fuqarolar va tadbirkorlarning ma’muriy hujjatga bo‘lgan ishonchini himoya qilish tizimini tanqidiy o‘rganib, yetkazilgan zararni undirish tartibini aniqlashtirish, ma’muriy sudlar faoliyatiga huquqi buzilgan fuqaro - arizachining xohishiga ko‘ra eksterritorial sudlovga tegishlilik mexanizmini joriy etishni belgilash lozimligi ko‘rsatilgan.
Sud-huquq sohasiga bag‘ishlangan Prezident farmoni avvalambor, “Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida qabul qilingan bo‘lib, adolatli sud tizimini shakllantirish, xalq manfaati va inson qadr-qimmatini sud orqali samarali himoya qilish hamda fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchi oshishiga xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri Abduvali Bo‘riyev yozib oldi.