Oddiygina yo‘qlov ham inson ko‘nglini ko‘taradi
Farg‘ona viloyatida davom etayotgan umumxalq hashari doirasida yo‘qlovlar, xayr-saxovat tadbirlari ham tashkil etilmoqda.
Farg‘ona shahridagi “Ma’rifat” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qilayotgan Tursunoy Zokirova ijtimoiy himoyaga muhtoj. Qandli diabet xastaligi bilan ro‘yxatga olingan. Ikki farzandning onasi hozirda qizi va nabirasi bilan birga yashaydi. “Mahalla” xayriya jamoat fondi mutasaddilari mazkur xonadonda bo‘lib, ko‘ngil so‘radi. Oziq-ovqat mahsulotlari berildi. Shu mahallada istiqomat qilayotgan, Chernobil fojeasini bartaraf etishda ishtirok etgan, ikkinchi guruh nogironi Sayfullo Hakimov ham yo‘qlandi, bayram tuhfalari topshirildi.
— Qutlug‘ kunlarda ko‘ngil so‘rab kelganlarga rahmat, – deydi Marg‘ilon shahridagi “Orol bo‘yi” mahalla fuqarolar yig‘inida umrguzaronlik kilayotgan Xudoyberdi Kamarov. – Nafaqa yoshiga yetganman. Lekin yetarli ish stajiga ega bo‘lmaganim uchun pensiya olmayman. Qizim va 3 nafar nabiram bilan birga turaman. Mahalla faollari oilamizga kelib, ehtiyojimiz uchun kerakli bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari olib kelishdi.

Marg‘ilon shahridagi “Sholdirama” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qilayotgan Boburjon Iskandarov chin yetim, opasi bilan birga yashaydi. Qo‘lida hunari yo‘qligi uchun yollanma mehnat bilan shug‘ullanib kun ko‘radi. Ishsizligi bois “Yoshlar daftari” ga, opasi “Ayollar daftari” ga kiritilgan. Xayr-saxovat tadbirlarida ularning holidan xabar olindi, oziq-ovqat mahsulotlari berildi.
— Obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish umumxalq xayriya hashari mehr-muruvvat saxovat amallariga boy bo‘ldi, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Farg‘ona viloyati bo‘limi boshqaruvi raisi Bahodirjon Yulbarsov. – Shu kunga qadar 2 ming 430 nafar oilalarga 991,3 million so‘mlik yordam ko‘rsatildi. Nogironlik aravachasi, tikuv mashinasi, dori-darmon, jarrohlik amaliyoti o‘tkazish, maishiy-texnika vositalari, oziq-ovqat va pul mablag‘lari berildi. “Mahalla” xayriya jamoat fondi huzuridagi “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, ”Yoshlar dafari” dagi ehtiyojmand oilalarga 4 milliard 114 million so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi.
M.Sulaymonov, O‘zA