Odamovi va g‘alati olim: u zulmatda tug‘ilgan, ammo yorug‘lik yo‘lida xizmat qilgan
Agar Ilon Maskning mashhur «Tesla» kompaniyasi bo‘lmaganida, insoniyatga elektr energiyasini taqdim qilgan shaxs nomini ko‘pchilik eslamagan bo‘lardi. Xo‘sh, dunyoga dong‘i ketgan bu kompaniyaning nomi nega aynan «Tesla»?
Dastlabki nomi «Tesla Motors» bo‘lgan AQSHning elektromobillar va elektr energiyasini saqlash texnologiyalarini ishlab chiqaruvchi kompaniyaga 2003 yilda asos solingan. Kompaniya mashhur elektrotexnik Nikola Tesla sharafiga nomlangan.
KELAJAK ODAMI
Nikola Tesla – aqlbovar qilmas ixtirolar muallifi. U bugunning ajralmas qismiga aylangan internet, gadjetlar, elektromobillarni deyarli bir yarim asr avval bashorat qilgan. Olim 700 dan ortiq patent va innovatsiyalar egasi bo‘lib, serb-xorvat, chex, nemis, venger, fransuz ingliz, italyan va lotin kabi tillarida so‘zlasha olardi.
Bu shaxs o‘z davrida olamshumul ixtirolari bilan daho deb nom qozongan va «kelajak odami» deb ta’riflangan. Nikola Teslaning o‘zgaruvchan tok ixtirosi ortidan uni «dunyoni yoritgan daho» deb e’tirof etishadi. Tesla shuningdek, Wi-Fi, MRI kamerasi haqida ham tirikligidayoq aytib ketgan.
Nikola Tesla ko‘zlari allaqanday nur sochuvchi odamovi, g‘alati olim deb ta’riflanadi. Olimning quyosh nuriga chiqa olmasligi haqida mish-mishlar yurar, odamlar uning yer sharini bo‘laklarga bo‘lib tashlashga qodir qurol yaratgani haqida gapirishardi. Chindan, yorug‘lik Teslaning ko‘zlarini og‘ritgan, shitirlagan tovush ham qulog‘iga xuddi momaqaldiroqdek eshitilgan. Qorong‘ida esa aksincha uning ko‘zlari juda yaxshi ko‘rgan.
UNING TUG‘ILISHI
Tesla 1856 yil 9 iyulda Serbiyada kuchli momaqaldiroq paytida tug‘ilgan. Aytilishicha, u tug‘ilganda doya juda xavotirda bo‘ladi va yangi tug‘ilgan chaqaloq zulmatning bolasi bo‘lishini ta’kidlaydi. Chunki momaqaldiroq yomonlik belgisi hisoblangan. Ammo, bo‘lajak olimning onasi doyaga quyidagicha javob beradi: «Yo‘q, u nur farzandi bo‘ladi!»
Buni qarangki, onaning bu tilagi haqiqatga aylandi. Nikola Tesla ulg‘aygach, o‘zgaruvchan tok tizimiga asoslangan elektr yoritishni keng joriy etdi va bashariyatga yorug‘lik olib keldi.
Teslaning xayoliga talabaligidayoq o‘zgaruvchan tok induksion generatorni yaratish fikri keladi. U bu haqda professor Yakov Peshlaga aytganida, professor uni «aqldan ozgansan», deydi, lekin Nikola Tesla tushkunlikka tushish o‘rniga bu xulosadan ruhlanadi va 1882 yilda induktatsion generatorni ixtiro qiladi.
TESLA VA TOMAS EDISON
1884 yilda Tesla Amerikaga kelib, ixtirochi Tomas Edison bilan uchrashdi va Edisonning kompaniyasida 6 oy ishladi. Bu vaqtda Edison yosh Teslaning naqadar aqlli ekanligini anglaydi. Biroq ikki ixtirochi orasida tez-tez kelishmovchiliklar bo‘lib turgan. Chunki ular muammoning yechimiga turlicha yondashardi. Shunday qilib, ikki ixtirochi o‘rtasidagi kelishmovchiliklar ortidan ular bahs boylashadi. Garovga ko‘ra, Tesla o‘z uslubi yordamida Edisonning zavodlaridan birini elektrlashi kerak bo‘lgan. Edison yutqazsa, 50 ming dollar berishni aytadi (bugungi inflyatsiya hisobiga ko‘ra, 12 million dollar).
Uning fikricha, Teslaning rejasini amalga oshirishning imkoni yo‘q edi. Tesla esa buni uddasidan chiqish uchun tinimsiz ishladi va yechim topdi. Ammo, Edison kelishilgan pulni berishdan bosh tortib, bu garov shunchaki hazil ekanligini aytgan. Shundan keyin bundan achchiqlangan olim Edison bilan butkul aloqalarni uzadi.
UXLASH UCHUN 2 SOAT
Teslaning ta’kidlashicha, uxlash uchun atigi 2 soat kifoya qiladi. U 24 soat mobaynida jami 4 soat uxlagani haqida ma’lumotlar bor. Ertalab soat 9 dan kechki 6 gacha ishlagan. Keyin 20:00 kechki ovqatni yeb, ertalab soat 3:00 gacha ishlashni davom ettirgan. Ammo uyqu yo‘qligi va ko‘p ish bo‘lishiga qaramay, Tesla 87 yil umr ko‘rgan. Olim 3 raqamiga, shuningdek, 3 ga bo‘linadigan raqamlarga ko‘p e’tibor qaratgan. Aytishlaricha, u qo‘llarini ketma-ket 3 marta yuvib, binoga kirishdan oldin 3 martani aylanib chiqishni odat qilgan.
AYOLLARDAN UZOQLASHGA OLIM
Tesla kelishgan, nozik, baland bo‘yli qora sochli va ko‘k ko‘zli erkak edi. Uning nafis didi va yaxshi xulq-atvori ham bo‘lgan. Ayollar uni sevishardi, lekin u oila qurmadi va ayolar bilan vaqt o‘tkazmaydi, chunki Nikola ayollar bilan munosabat erkakning ishiga xalaqit beradi deb hisoblardi.
U kaptarlarni yaxshi ko‘rgan. Tesla ularni boqish uchun tez-tez xiyobonga borib, uyiga yarador qushlarni olib kelgan. Bu esa mehmonxona aholisining shovqin va badbo‘y qush hiddan shikoyat qilishiga sabab bo‘lgan. U bo‘sh vaqtini odamlar bilan emas, kaptarlar bilan o‘tkazadi. Bir kuni u karavotda o‘ylayotganida xonaga qush uchib kirdi. Teslaning ta’kidlashicha, qushning ko‘zlarida ko‘r nur bor edi. Qush kasal bo‘lib qolganda ham Tesla unga g‘amxo‘rlik qildi. Olim kasal do‘stiga 2000 dollar sarflaydi. Hatto Tesla qushning qanoti va oyog‘i shifo topishi uchun qurilma ham yasaydi. «Men ko‘p yillar davomida minglab kaptarlarni boqdim. Ammo bitta, toza, oq rangli, qanotlarida och kulrang belgilari bo‘lgan chiroyli qush bor edi. Bu qush emas, go‘yo ayol edi. Men bu kaptarni erkak ayolni sevganidek sevardim, u ham meni sevardi. U bor ekan, mening hayotimdagi maqsadim bor edi», deydi olim.
UNUTILGAN DAHO
Tesla juda kam pul topgan. Hatto, o‘zi ijarada turgan uyidan to‘lov bo‘yicha qarzi sabab haydalgan. Shuningdek, arzonroq mehmonxonalarda tunashga majbur bo‘lsada, to‘lovlarni ham amalga oshira olmas edi. Natijada, uning sobiq ish beruvchi kompaniyasi ijara haqini to‘lay boshlaydi va unutilgan dahoga «xizmatlari uchun to‘lov» sifatida oyiga 125 dollar to‘lab turadi. Tesla o‘limiga qadar kamtarona serb pensiyasini oldi. Zamondan o‘zib ketgan daho deya e’tirof etilgan Telsa 1943 yil 87 yoshida, mehmonxonada qashshoqlikda vafot etdi.
Teslaning o‘limi haqida xabari tarqalgach, FQB maxsus harbiy bo‘limi u vafot etgan xonada tintuv o‘tkazadi. Nikola Teslaga tegishli barcha yozuv va chizmalarni olib ketishadi. Nikolaning aksariyat qo‘lyozmalari haligacha topilmagan, qo‘lyozmalarni uning o‘zi yondirib yuborgan deb taxmin qilishadi.
Chunki zamonasidan o‘tib ketgan olimning ixtirolariga insoniyat hali tayyor emasdi. «Kelajak odami» Nikola Teslaning vafotiga qariyb 2 asr bo‘ldi. Ammo uning ixtiro va bashoratlari bugunining ajralmas qismiga bo‘lib, hamon yer yuzida yashamoqda, zero uning o‘zi aytganiday: «Hali turmushimizning eng buyuk sirlarini yechishimiz kerak. Hatto o‘lim ham intiho bo‘lmasligi mumkin».
Maftuna Karimova tayyorladi, O‘zA