Odamlarning xato qilishini kutib yashamaslik kerak
Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida shu yurtning farzandi arjumandi bo‘lgan hamda umr yo‘llarida nurli lahzalarni kechirmoq istagan ko‘ngillarning hayotdan rozi bo‘lib yashashi kerakligi ustuvorlik kasb etayotgani ayni haqiqatdir.
Boshqacha aytganda, bugun har bir faoliyatimiz ana shu ulug‘ maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan.
Ezgu maqsadlarning ezgu ifodasi bo‘lgan, yurtimizda kechayotgan muhim siyosiy jarayonlarning tavsifi, Uchinchi Renessansning poydevorini barpo qilish borasida hayotimizga tatbiq etilayotgan islohotlarning maqsadi, mazmun-mohiyati, ustuvor yo‘nalishlari, milliy taraqqiyotimizning istiqbollari tahliliga bag‘ishlangan hamda barcha jarayonlar xususida yaxlit tasavvur berishga undovchi "Yangi O‘zbekiston strategiyasi" dunyo yuzini ko‘rdi. Yurtboshimizning ushbu kitobini yorug‘ istiqbolimiz uchun har bir sohada amalga oshirilishi mo‘ljallangan vazifalar belgilab berilgan nurli kelajak dasturiga mengzagim keldi. Unda har bir sohada to‘planib qolgan muammolar va kelgusida qilinishi kerak bo‘lgan muhim islohotlar hamda sohalar vakillari zimmasidagi ulkan vazifalar ko‘rsatib berilgani shu yurtda yashayotgan har bir insonning kelgusida zimmasidagi ulkan mas’uliyatni his qilishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Asarni o‘qish jarayonida, ma’naviy taraqqiyot strategiyasini yaratish yo‘lidagi harakatlarni amalga oshirish eng muhim va asosiy vazifalarimizdan biri bo‘lishi zarurligini anglab yetdim va ma’naviy taraqqiyot strategiyasini ishlab chiqilishini qo‘llab-quvvatlayman.
Tiriklik dunyosida yashayotgan inson borki, umr yo‘llarida halovat topmoq istaganda bir nurga intilib yashaydi. U inson qalbidagi ilohiy nur, shu’la, yuraklarni yondirguvchi mash’ala ma’naviyatdir. Inson ma’naviyati haqida so‘z ketganda, beixtiyor ma’naviyatli inson bilan ma’naviy qashshoq inson bajargan ishini qiyos qilsangiz, osmon bilan yercha farq borligini anglaysiz. Lekin bu ro‘yi zaminda yashayotgan inson borki, hammasi ham Yaratganning borligini, ruhning esa mangu o‘lmasligini idrok qila olmaydi. Shu bois, bunaqa insonlarning ma’naviyatida har doim ham kemtiklik bo‘ladi. Ma’rifatli va ma’naviyati yuksak insongina avvalo o‘zi, oilasi va jamiyat uchun nima yaxshi, nima yomon ekanini anglay oladi. Tasavvur qila oladi. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas. Aksi bo‘lsa-chi, ma’naviy qashshoq insonlar esa yuragida razolat, o‘zgaga yaxshilik tilay olmagan, adovatu nifoq urug‘ini sepib, turli janjallar chiqarib, ellarning tinchligini buzayotganlar ekanligini anglash qiyin emas. bugungi kunda avlodlar oldidagi ma’naviy qarzini unutgan kimsalar – ma’naviyatsiz insonlar oramizda uchrab turishi ham ayni haqiqat.
Ayniqsa, ma’naviyatga panja ortidan qarash yoki bo‘lmasa, hududlarda o‘tkazilayotgan turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga haliyam yuzaki munosabatda bo‘lish, nomiga tanlovlar o‘tkazish, ijtimoiy-ma’naviy muhitdagi muammolar, hattoki, bugun ham ma’naviyatni nima ekanligini anglab yetmagan, sohadan yiroq bo‘lgan ayrim kimsalarni ma’naviyat sohasidagi rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritayotgani ham kadrlar masalasida og‘riqli muammolar borligidan darak beradi va amalga oshirilishi zarur bo‘lgan islohotlar qanchalik muhimligini ko‘rsatadi. Qachonki, barcha sohada ma’naviyat masalasi eng asosiy masala bo‘lsagina, yuraklar ma’naviyat jilvasidan yonsagina, qalb olamingiz ravshanlashadi.
Yangi O‘zbekistonda yashayotgan har bir inson borki, baxtdan entikib, hayot yo‘llarida qadr topib, boshqacha aytganda, hayotdan rozi bo‘lib yashashga haqli ekanligini his qilib umrguzaronlik qilmoqda. Barchamizga ma’lumki, hayot hech qachon bir tekis ketmaydi. Uning alamlarga to‘la dard iztiroblari, cheksiz shodliklar tuhfa qiladigan quvonchga o‘ralgan yorqin lahzalari ham borligiga e’tibor qiladigan bo‘lsak, bugun insonni tushunish ilmini qanday egallash mumkin degan o‘ylar yuragimni bezovta qiladi. O‘z o‘rnida o‘zgalarga yaxshilikni ravo ko‘radigan inson sifatida insonni tushunish ilmini ma’naviyatga bo‘lgan munosabat bilan belgilash mumkin, degan xulosaga kelishni istardim. O‘ylaymanki, aziz yurtdoshim, Siz ham shu xulosaga kelasiz. Shu o‘rinda o‘z-o‘zidan ma’naviyatga munosabat, ko‘ngillarni shod etmasachi degan savol tug‘ilishi tabiiy. Ha, jamiyatdagi barcha munosabatning mazmun va sifatini belgilaydigan poydevor deb e’tirof qilinadigan ma’naviyatga munosabat o‘zgarmas ekan, ming afsuski, ma’naviyat ziyosini taratadiganlarning ayniqsa, ma’naviyatga munosabati ko‘ngilni xira qilsa, biz o‘ylagan maqsadimizga yetishda ulkan muammolar girdobiga tushib qolishimiz mumkin.
Oddiy misol, bugungi kunda milliy o‘zlik va ma’naviy qadriyatlarimizga qarshi tahdid va xatarlar kuchayib borayotgan bir paytda yoshlarimizni telefonga mukkasidan ketishini ko‘rib ko‘rmaslikka olish holatlarining uchrashi ajdodlari dunyoni lol qoldirgan millat farzandlari uchun kechirarli hol emasligi yurakka og‘riq soladi. Deyarli barcha oliy o‘quv yurtlarida kun davomida necha marta shu holatga duch kelamiz?! Ammo e’tibor bermaymiz. Qalblari shunchalik sustlashib ketganidan bo‘lsa kerakki, ushbu masalada loqaydlik to‘nini yelkasiga tashlab olgan yurtdoshlarimizning borligi ayni fikrlarimizning to‘g‘riligini tasdiqlaydi. Farovon hayot, kelgusida shu yurtda yashayotgan har bir insonning munosib turmush tarzini yaratish maqsadida qabul qilingan qarorlarning ijrosini ham belgilangan vaqtida ta’minlay olmaslikning uchrashi yetarli muammolar to‘planib qolganidan darak beradi.
Bugun yoshlar tarbiyasining bo‘shashib ketayotganining ham sababi befarqlik yoki loqaydlik ekanini anglab yetgimiz kelmaydi. Telefondan foydalanishni tartibga solish bo‘yicha maxsus qoidalarni hayotga tatbiq qilishni ham bilsakda, ortga suraveramiz. Yonimizdagi sherigimiz yomon yo‘lga kirib ketayotganini bilib turib ham, yuragimiz qalqib ketmaydi. Uni to‘g‘ri yo‘lga boshlash haqida esa qayg‘urishni istamaymiz. Qaysidir tanishimiz yoki hamkasbimiz korrupsiya balosiga yo‘liqqanini bilsak ham yoki tamagirlik qilayotganini sezsak ham, ko‘rib ko‘rmaganga, bilib bilmaganga olamiz. Bu masalalar bizni yurak yuragimizdan bezovta etadigan eng og‘riqli masalalarga aylanishi zarur emasmi?! Yoki bo‘lmasa, auditoriyadagi darsini ham eplab o‘ta olmayotgan hamkasbimizga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, uning kamchiligini tuzatish ustida ishlashimiz kerak emasmi?! Yoki faqatgina shoir aytganiday, xato qilishini kutib yashashimiz kerakmi?! Unda bizning yuksak ma’naviyat sohibiligimiz qayerda qoladi?! Ma’rifat va ma’naviyat maskanlarida g‘iybat va fisqu fasod, turli ig‘vo va bo‘htonlardan ko‘ra, insonni ezgulik sari yo‘llaydigan ilm bilan shug‘ullanishimiz shart emasmi?! Yuragimizni poklaydigan, ilohiy nur kabi ko‘ngil uyimizni obod aylaydigan munavvar yog‘du ma’naviyatni nima ekanligini anglash yo‘lidagi ishlarimizni tartibga solish vaqti kelmadimikan?! Ushbu savollarga ko‘nglimiz istagan javobni ololmas ekanmiz, yangi ma’naviy makonni yaratish borasidagi vazifalar ko‘lamini qanday his qilamiz?! Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, "Yangi ma’naviy makon nima? Mening nazarimda, u – biz orzu qilayotgan Yangi O‘zbekistonning ma’naviy qiyofasi yaqqol aks etadigan, xalqimiz intilayotgan va el-yurtimiz baxtiyor yashaydigan ma’rifatli jamiyatdir".
Albatta, bizga ushbu ma’rifatli jamiyatni qurishda munavvar yog‘du ma’naviyat yordam beradi. Shu bilan birgalikda, ushbu jamiyatni barpo etishda professor-o‘qituvchilar ham asosiy kuch va tayanch bo‘ladi. Beixtiyor shu o‘rinda ma’naviyatni munavvar yog‘duga mengzagim keldi. Munavvar yog‘duning shu’lasi qanchalik nurafshon bo‘lsa, ko‘ngillar shunchalik yog‘dulanadi. Qalblar yorishadi.
Talaba-yoshlarning darsdan bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqib, kelgusida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, tanlovlar o‘tkazishni, ijodiy klublar ochishni, sohadagi faoliyatni aks ettiruvchi turkum ko‘rsatuvlarni tashkil etishni rejalashtirganmiz. Institutda faoliyat ko‘rsatayotgan ma’naviy-ma’rifiy sohadagi to‘garaklarning natijadorligini oshirish yo‘lidagi xayrli ishlarimiz tizimli davom etadi. "Yangi O‘zbekiston strategiyasi" bu yo‘lda nurli kelajagimiz uchun muhim dastur, ezgulik nurini ulashishda mayoq vazifasini o‘taydi desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Nurli kelajak uchun qadam tashlayotgan yuraklar bir narsadan, hamisha yulduzdek porlab yonib turaveradi hamda munavvar yog‘du bo‘lib nur sochib turgan ma’naviyat ma’shalasidan jilvalanaveradi. Zero, bu munavvar yog‘du shu yurtda yashayotgan har bir insonning qadri yanada ulug‘ bo‘lishi uchun nur sochishi aniq.
Mirzohidjon Botirov,
Farg‘ona politexnika instituti prorektori
O‘zA