"Odamlar ovora bo‘lmasligi kerak"
Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, davlatimiz rahbarining 2022 yil 21 dekabrdagi «Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni hamda «Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari doirasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlarining markaziy apparat, hududiy bo‘linmalarining tashkiliy tuzilmalari qaytadan ko‘rib chiqilmoqda. Shuningdek, shtat birliklari maqbullashtirilayotganligi sababli Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali (vacancy.argos.uz) orqali e’lon qilingan tanlovlarning barcha jarayonlari vaqtinchalik to‘xtatib qo‘yilgan.
Davlat organi va tashkilotlarining tashkiliy tuzilmalari hamda shtat birliklari qayta tasdiqlangandan so‘ng vakant lavozimlarga tanlovlar o‘rnatilgan tartibda yanada takomillashtirilgan vacancy.argos.uz portali orqali e’lon qilinadi va davom ettiriladi.
Xo‘sh, lavozimi teng joyga va lavozimidan pastga ishga o‘tayotgan xodimlar uchun yana tanlov e’lon qilinadimi?
Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Hasanovning so‘zlariga ko‘ra, yangi joydagi teng lavozimga davlat xizmatchisi tavsiya qilinayotgan bo‘lsa, bu rotatsiya shaklida bo‘ladi va u tanlovdan o‘tmaydi. Adliya vazirligi va Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi 1 oy muddatda qaysi vazirlikda, qaysi lavozimlar majburiy bo‘lishini belgilab beradi. Qolganlari bo‘yicha vazirlikning o‘ziga vakolat belgilanadi.
"Tegishli tashkilotlar bilan shtatlar qayta ko‘rib chiqilganidan so‘ng qayerda ochiq joy qolgan bo‘lsa, tanlovlar e’lon qilinadi. Odamlarni ikki marta ovora qilmasligimiz kerak. Oldin yangi vazir kelsa, ko‘pchilikni ishdan bo‘shatib, o‘zining jamoasini tuzardi. Endi unday bo‘lmaydi. Qonunda davlat xizmatchisiga kafolatlar berib qo‘yilgan. Hozirda ichki tanlov va tashqi tanlov e’lon qilyapmiz. Tanlovdan kim o‘tsa, o‘sha ishga kiradi. Bu jarayonlarning adolatli bo‘lishiga Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va boshqa tashkilotlar javob beradi. Yangi strukturaning bo‘sh qolgan joylariga ishga qabul qilish ochiq tanlov asosida bo‘ladi", deydi Otabek Hasanov.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, vacancy.argos.uz portalida tanlovlarni e’lon qilish 15-20 yanvarga qadar to‘xtatilgan. Joriy yilning 9 yanvaridan boshlab faqatgina mahallalardagi hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli lavozimlarining mavjud vakant o‘rinlariga ochiq tanlovlar e’lon qilinmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi, O‘zA