Odamiylikning eng oliy mezoni
Toshkent viloyati Pskent tumanida “Insonlarning dardu-tashvishlarini oʻylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir” mavzusida xayriya tadbiri oʻtkazildi.
Toshkent viloyati Pskent tumanida “Insonlarning dardu-tashvishlarini oʻylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir” mavzusida xayriya tadbiri oʻtkazildi.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent viloyatidagi Xalq qabulxonasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, viloyat hokimligi hamkorligida tumanning olis “Mitan” fuqarolar yigʻinida tashkil etilgan xayriya tadbirida Bekobod, Moʻminobod, Mayliobod, Birlik, Mingtepa, Yangiobod, Lolaariq, Oybek va Navoiy mahallalari fuqarolari ishtirok etdi.
Tadbirda 12 mutaxassislikdagi malakali shifokorlar tomonidan keksalar, kam taʼminlangan oila vakillari, boquvchisini yoʻqotgan va oʻzgalar koʻmagiga muhtoj fuqarolar tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.
Harakatlanish imkoniyati cheklangan 14 nafar fuqaroga oʻz uyida yordam koʻrsatildi. Shuningdek, doimiy shifokor nazoratiga muhtoj fuqarolar roʻyxati shakllantirilib, sogʻlomlashtirish ishlarini olib borish uchun tuman tibbiyot birlashmasiga tavsiya etildi.
Dispanser nazoratidagi va tibbiy koʻrikka jalb etilgan fuqarolarga “Dori-darmon” aksionerlik kompaniyasi va “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan 23 turdagi dori-darmon va gigiyenik vositalar bepul taqdim etildi.
Ehtiyojmand fuqarolardan 3 nafariga nogironlik aravachasi, 6 nafariga boshqa turdagi reabilitatsiya tibbiy vositalari tuhfa etildi.
Tadbir doirasida sayyor qabul tashkil etilib, respublika mahallalar kengashi raisi oʻrinbosari B.Parpiyev, Pskent tumani hokimi Sh.Ahmedov tomonidan 14 nafar fuqaroning murojaati tinglandi. Qabulda 19 masala joyida bartaraf etilib, 2 nafarining muammosi boʻyicha masʼullarga tegishli vazifalar berildi.
Boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasida 10 tashkilot qatnashib, unda murojaat qilgan 220 nafar fuqarodan 25 nafariga tanlagan joyi boʻyicha ishga joylashishga yoʻllanma berildi.
Pskent tumanidagi 30-sonli musiqa va sanʼat maktabida mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari hamda masʼul kotiblari uchun oʻquv-seminari oʻtkazildi.
4-umumtaʼlim maktabida esa nafaqadagi keksa ustozlar tomonidan “Keksalar maʼrifati” soati oʻtkazildi. Maktab jamoasiga homiylar tomonidan bir necha nomdagi kitoblar jamlanmasi sovgʻa qilindi.