Obodonlashtirish bo‘limi xodimlariga velosiped berildi
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Oltinko‘l tumani obodonlashtirish bo‘limi ishchi-xodimlari bilan muloqot o‘tkazdi. Muloqot davomida ularga qulayliklar yaratish, ish sharoitlarini yaxshilash yuzasidan o‘zining taklif, fikr va mulohazalarini bildirdi. Soha xodimlarining mashaqqatli faoliyatlarida zafarlar tiladi.
Oltinko‘l tumani Andijonning eng obod tumanlaridan biri hisoblanadi. Tumandagi har bir mahallaning ko‘cha, guzar va xonadonlarida, mehnat jamoalarida, ta’lim maskanlarida obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, atrof-muhit pokizaligiga alohida e’tibor qaratiladi. Bu ishga kattayu kichik o‘z hissasini qo‘shishga harakat qiladi. Shu bois ham tumandagi obodonlashtirish ishlariga har qancha havas qilsa arziydi.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali olib borishda shubhasiz, tuman obodonlashtirish bo‘limi xodimlarining hissasi katta.

– Ayni kunda jamoamizda 200 nafardan ziyod ishchi-xodim mehnat qiladi, – deydi Oltinko‘l tuman Obodonlashtirish bo‘limi boshlig‘i Mirolim Mirzayev. – Fidoyi xodimlarimiz erta bahordan yil oxiriga qadar markaziy ko‘chalar, magistral yo‘llar chetlarini, belgilangan hududlarni, ziyoratgoh va qabristonlarni obodonlashtirish, pokizaligini saqlash bo‘yicha yozning issiq, qishning ayozli kunlari bo‘lishidan qat’i nazar zimmalariga yuklatilgan vazifani sidqidildan ado etib kelmoqda.

Tuman obodonlashtirish bo‘limi ishchi-xodimlarining samarali ish yuritishiga ko‘maklashish, mehnatlarini munosib rag‘batlantirish maqsadida tuman hokimligi tomonidan 20 nafar ishchi-xodimga zamonaviy velosiped, qishki maxsus kiyim-bosh va ish qurollari topshirildi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA