Obodlik va mehr-saxovat oyligi davom etmoqda
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan e’lon qilingan “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” hamda “Dolzarb 40 kunlik” doirasida Toshkent viloyatining shahar va tumanlarida obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, xayriya va hamjihatlikka qaratilgan tadbirlar izchil davom etmoqda.
Yangiyo‘l tumanining Ahil mahallasida tashkil etilgan tadbirda Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi raisi Sayyora Fayziyeva, viloyat “Nuroniy” jamg‘armasi bo‘limi raisi Akbar Nosirov, mahalla faollari, nuroniylar hamda fuqarolar ishtirok etdi.

Uchrashuvda mahallalarni yanada obod qilish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini kengaytirish, hududlarda ozodalikni ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik madaniyatni yuksaltirish, aholi o‘rtasida mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, bu kabi tadbirlar mahallalarda obod va fayzli muhitni qaror toptirish, aholining ijtimoiy faolligini oshirish hamda bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat kabi ezgu qadriyatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Nurafshon shahrida ham mazkur oylik doirasida “Axtam sahoba” qabristonida keng ko‘lamli obodonlashtirish va tozalash hashari tashkil etildi. Unda mingdan ortiq shahar aholisi, mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar va jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Hashar davomida qabriston hududi chiqindilardan tozalandi, daraxtlar oqlanib, parvarish qilindi, yashil hududlar tartibga keltirildi hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad muqaddas qadamjolarni obod saqlash, atrof-muhitni yanada ko‘rkamlashtirish va aholi o‘rtasida mehr-oqibat, saxovat hamda hamjihatlik g‘oyalarini keng targ‘ib qilishdan iborat.

Ohangaron tumanining Uvak mahallasida esa imkoniyati cheklangan va kam ta’minlangan oila xonadonida ko‘ngilli yoshlar ishtirokida xayriya hashari o‘tkazildi. Toshkent viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Nodir Hojiyev boshchiligidagi yoshlar hovli va tomorqani tartibga keltirdi, devorlar hamda zinapoyalarni bo‘yab, xonadon atrofini obod qildi.
Bu kabi ezgu tashabbuslar aholi o‘rtasida o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlikni mustahkamlash, muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash hamda mahallalar qiyofasini yanada obod va ko‘rkam etishga xizmat qilmoqda.
A.Musayev, O‘zA