Obodlik – bir oylik emas, uzluksiz jarayon
Mahalla – insonning kundalik hayoti kechadigan, quvonchu tashvishlari, orzu-maqsadlari bilan uyg‘unlashgan maskan. Shu bois uning obodligi faqat ko‘cha va hovlilarning tozaligi, binolarning tashqi ko‘rinishi bilan emas, odamlarning o‘z hududiga munosabati, daxldorlik hissi va yaratilgan sharoitdan roziligi bilan ham belgilanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16-iyul kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda mahallalarda obodlik, mehr-saxovat va inson qadrini ulug‘lash borasida muhim vazifalar belgilab berildi. Shu asosda tashkil etilgan «Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi» ham mahallalar qiyofasini yangilash, hududlarda tozalik va tartibni ta’minlash, aholida daxldorlik hissini kuchaytirishga qaratilgan ezgu tashabbuslardan biri bo‘ldi.
Ammo obodlikni bir oylik tadbirlar doirasiga sig‘dirib bo‘lmaydi. Oylik muayyan ishlarni jadallashtirishi, aholini bir maqsad atrofida birlashtirishi mumkin. Biroq uning haqiqiy natijasi keyingi kunlarda ko‘rinadi. Bugun tozalangan ko‘cha ertaga yana ifloslanmasa, ta’mirlangan ob’ekt o‘z vaqtida asralsa, ekilgan ko‘chat parvarish qilinsa, xonadonlar atrofidagi tartib saqlansa – ana shunda bir martalik tashabbus barqaror natijaga aylanadi.

Zero, obodlik – kundalik madaniyat. U insonning o‘z uyi, ko‘chasi, mahallasiga bo‘lgan munosabatida namoyon bo‘ladi. Davlat rahbari ta’kidlaganidek, islohotlarning natijasi, eng avvalo, mahallada, odamlarning kundalik hayotida sezilishi kerak. Chunki aholi uchun katta o‘zgarishlar ko‘pincha oddiy hayotiy sharoitlarda namoyon bo‘ladi: ravon yo‘l, toza ko‘cha, yoritilgan hudud, obod hovli, farzandlar uchun qulay maydoncha yoki murojaatning o‘z vaqtida hal etilishi inson hayotiga bevosita ta’sir qiladi.
Shu nuqtai nazardan, Sirdaryo viloyatida obodonlashtirish ishlarining mahallabay tashkil etilayotgani e’tiborga loyiq. Bugun viloyatdagi 175 ming 797 ta xonadonda 954 ming 361 nafar aholi istiqomat qilmoqda. 221 ta mahalla fuqarolar yig‘inida obodlik va obodonlashtirish ishlarini tizimli tashkil etish maqsadida alohida shtablar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Joylarda ishning natijasi bilan birga, mas’uliyat ham aniq belgilanmoqda. Tuman va shahar hokimliklari bilan hamkorlikda har bir mahalladagi ishlar kunlik monitoring qilinib, mas’ul rahbarlar hududlarga biriktirilgan. Ular aholi bilan muloqot qilib, obodonlashtirish tadbirlarini tashkil etish bilan bir qatorda, odamlarni qiynayotgan muammolarni o‘rganish va ularga amaliy yechim izlashga ham e’tibor qaratmoqda.
– Biriktirilgan rahbarlar har kuni mahallalarda bo‘lib, aholi bilan muloqot qilgan holda obodonlashtirish, hashar va sanitariya tadbirlarini tashkil etmoqda. Bunda, avvalo, xonadonlar, ko‘chalar, ko‘p qavatli uylar atrofi, ijtimoiy ob’ektlar hamda umumiy foydalanish joylarini tartibga keltirishga ustuvor ahamiyat berilmoqda, – deydi O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Uyg‘un Hotamov.

Natijalar raqamlarda ham aks etmoqda. Bugungi kunga qadar viloyatdagi 15 ming 303 ta xonadonda ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Shundan 12 ming 127 tasida ishlar xonadon egalari tomonidan, 3 ming 176 tasida esa mahalla ko‘magi asosida bajarildi.
Jumladan, 659 ta xonadonning tom qismi, 8 ming 269 ta xonadonning tashqi fasadi, 2 ming 221 ta oshxonasi, 891 ta hojatxonasi, 755 ta yuvinish xonasi, 1 ming 653 ta tandirxonasi va 1 ming 835 ta molxonasi ta’mirlandi.
Shuningdek, 13 ming 692 ta xonadon atrofi obodonlashtirilib, tartibga keltirildi. 11 ming 840 ta xonadonga tegishli 248,7 gektar yer maydonida haydash ishlari bajarildi.

Raqamlar salmoqli. Ammo ularning har biri ortida alohida bir oila, bir xonadonning hayoti bor. Ta’mirlangan tom – xotirjamlik, obod hovli – fayz, toza ko‘cha – qulaylik. Shuning uchun obodonlashtirish ishlarining asosiy mezoni bajarilgan ishlarning soni emas, ularning inson hayotiga qanchalik ta’sir ko‘rsatayotganidir.
Bu jarayonda aholining o‘zi faol ishtirok etayotgani, ayniqsa, muhim. Zero, mahalla obodligini faqat mas’ullar yoki kommunal xizmatlar zimmasiga yuklab qo‘yib bo‘lmaydi. Har bir xonadon egasining o‘z hovlisi, ko‘chasi va atrof-muhitga munosabati butun hudud qiyofasiga ta’sir qiladi. Bir xonadondagi tartib qo‘shniga o‘rnak bo‘ladi, bir ko‘chadagi poklik esa butun mahallaga ko‘chadi.

Shu bois hasharlar mahalla hayotida alohida o‘rin tutadi. Hashar – faqat tozalash yoki obodonlashtirish emas, balki odamlarni bir maqsad atrofida birlashtiradigan, o‘zaro yordam va hamjihatlikni mustahkamlaydigan an’ana. Bugun mahallalarda yoshlar, nuroniylar, mahalla faollari va aholi vakillarining birgalikda mehnat qilayotgani bu qadriyatning hayotdagi ifodasidir.
– Bugun mahallaga kirib kelgan odamni, avvalo, uning tashqi qiyofasi qarshi oladi. Ammo obodlikning haqiqiy qadrini shu mahallada yashayotgan inson his qiladi. Ko‘chalarning tozaligi, xonadonlarning fayzi, daraxtlar va gullarning ko‘rkamligi odamlarning o‘z mahallasiga bo‘lgan munosabatini ham o‘zgartirmoqda. Ayniqsa, hasharlarda yoshlar va nuroniylarning yelkadosh bo‘lib, bir maqsad yo‘lida harakat qilayotgani quvonarli, – deydi mehnat faxriysi Sherbo‘ta Pirimqulov.

Darhaqiqat, obod mahalla, avvalo, odam har kuni yurib o‘tadigan ko‘cha, farzandi maktabga boradigan yo‘l, keksalar sayr qiladigan hudud va aholi uchun qulay muhitdir. Shu bois Sirdaryoda ichki yo‘llarni tartibga keltirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Viloyatdagi 52 ta ko‘chada 41,3 kilometr uzunlikdagi ichki yo‘llarni asfaltlash, betonlash va shag‘allashtirish ishlari amalga oshirildi. 29 ta ko‘chada 29,5 kilometr masofada piyodalar yo‘laklari barpo etildi. Bu ishlar ko‘chalarning tashqi qiyofasini yaxshilash bilan birga, aholi uchun xavfsiz va qulay harakatlanish sharoitini yaratmoqda.
Yo‘llar bilan bir qatorda, ko‘cha bo‘ylarini ko‘kalamzorlashtirish ishlari ham davom etmoqda. 80 ming 953 ta daraxtga shakl berildi, 76 ming 964 ta daraxt oqlandi, ko‘chalarga 68 ming 94 tup turli xil gul ko‘chatlari ekildi. Toza va yashil ko‘chalar nafaqat hudud ko‘rinishiga ko‘rk bag‘ishlaydi, balki odamlarda atrof-muhitga e’tibor va uni asrash mas’uliyatini ham kuchaytiradi.
Obodonlashtirish ishlari ko‘p qavatli uylar atrofini ham qamrab olmoqda. Viloyatdagi 2 ming 97 ta ko‘p qavatli uydan 1 ming 496 tasi atrofida tozalash ishlari bajarildi. 5 ming 854 ta kirish yo‘lagi tozalanib, 1 ming 233 tasida ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Ayni paytda 402 ta ko‘p qavatli uyning fasad qismini ta’mirlash ishlari davom etmoqda.
Toza va yoritilgan kirish yo‘lagi aholi uchun qulaylik, ta’mirlangan fasad hudud ko‘rinishiga ko‘rk, sarishta hovli va yo‘laklar esa ko‘p qavatli uylarda yashayotgan insonlarda o‘z uyi va mahallasiga daxldorlik hissini kuchaytiradi.

Obodlikning barqaror bo‘lishi uchun uning moddiy asosi ham muhim. Shu maqsadda mahallaning 10 foizlik ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasidan ushbu ishlarga 1 milliard 581 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Ushbu mablag‘lar hisobidan 38,1 tonna ohak, 15,2 tonna bo‘yoq, 35 ming 688 tup gul ko‘chati, 260 ta tungi yoritish chirog‘i hamda zarur qurilish materiallari xarid qilindi.
Obodonlashtirish ishlari mahallalar va xonadonlar bilan cheklanib qolayotgani yo‘q. Ajdodlar xotirasi va muqaddas maskanlarni e’zozlash, qabristonlarni obod va sarishta holda saqlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, bunday ezgu ishlar xalqimizga xos mehr-oqibat, hurmat va hamjihatlikning amaliy ifodasidir.

Viloyatdagi 187 ta qabristonning 164 tasida hashar va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. 423,6 gektar bo‘sh yer maydoni obodonlashtirildi, 260,7 kilometr ariq va zovurlar tozalandi, 30 ming 104 ta daraxtga shakl berildi, 13 ming 127 ta qabr suvaldi. Shuningdek, 71 ta qabristonda dezinfeksiya ishlari amalga oshirildi. Ushbu tadbirlarga 56 ming 127 nafar fuqaro jalb etildi.
Bu raqamlar amalga oshirilgan ishlarning ko‘lamini ko‘rsatadi. Ammo ularning mazmuni raqamlardan ancha keng. Qabristonlarni obod qilish – o‘tmishga hurmat, bugungi mas’uliyat va kelajak avlodga ibratdir. Hasharlarda turli avlod vakillarining birgalikda mehnat qilishi esa milliy qadriyatlarni amalda namoyon etadi.

Bugun Sirdaryodagi mahallalarda obodonlashtirish ishlari tobora keng qamrov kasb etmoqda. Xonadonlar ta’mirlanmoqda, ko‘chalar obodonlashtirilmoqda, ichki yo‘llar tartibga keltirilmoqda, daraxtlar parvarishlanmoqda, ko‘p qavatli uylar atrofi sarishta holga keltirilmoqda. Eng muhimi, bu ishlar odamlarning bevosita ishtiroki bilan amalga oshirilmoqda.
Zero, obodlikni yaratish qanchalik muhim bo‘lsa, uni asrash va davom ettirish ham shunchalik mas’uliyatli vazifadir. Bugun tozalangan hududni ertaga ham sarishta saqlash, ekilgan ko‘chatni parvarishlash, ta’mirlangan ob’ektni asrash, ko‘cha va umumiy hududlarga e’tibor bilan munosabatda bo‘lish – obodlikning uzluksizligini ta’minlaydi.

Obod mahalla bu faqat toza va chiroyli hudud emas. U inson qadri ulug‘lanadigan, odamlar o‘zini xotirjam his qiladigan, har bir xonadonda fayz-baraka mujassam bo‘lgan va aholi «Bu – mening mahallam», degan g‘urur bilan yashaydigan maskandir. Ana shu tuyg‘u shakllangan joyda obodlik bir oy bilan cheklanmaydi. U kundalik hayot tarziga aylanadi va uzluksiz davom etadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri