Oʻzingni ayama Vatan desalar...
Yodgor chohda yotgan otasini yetti yil kutadi.
Qahramonlik unutilmaydi
Yodgor chohda yotgan otasini yetti yil kutadi. Ungacha biror marta koʻrmagan. Faqat bunyodkorining yoʻllariga intizor boʻlgan. Biz buni “Alpomish” dostonida oʻqiganmiz. Undagi voqealar hayotimizga yaqinligiga yillar davomida guvoh boʻlib boryapman. Masalan, Yodgora Qahramonova ham Vatan uchun jon fido qilgan otasi bilan faxrlanadi. Nurli qiyofasini tushlarida koʻradi, xayolan suhbatlashadi. Uning shaʼniga sheʼrlar bitadi.
Vatan uchun jon berganning begonasi boʻlmas ekan. Buni men Fargʻona viloyatiga “Vatan sendan rizo, oʻgʻlim” kitobining taqdimotiga borganimda bilganman. Taqdimot Sariosiyo tumanidagi toʻqnashuvlarda mardlarcha halok boʻlgan oʻgʻlonlarning yorqin xotirasiga bagʻishlangan edi.
Kitob shahid oʻgʻlonlarning oila aʼzolariga topshirilayotgan vaqtda navbat taxminan qirq yoshlar atrofidagi bir ayolga keldi. Koʻzlaridagi mung bilan iymanibgina kelayotgan bu ayolga “Qahramonjonning qahramon ayoli” deya taʼrif berishdi. Tadbirdan soʻng Qahramon Madolimovning turmush oʻrtogʻi Zuhra Madolimova bilan suhbatlashdik. Ayol kishi sifatida uning dil ogʻriqlarini his qildim. Dardlariga quloq tutdim:
Turmush oʻrtogʻim Quvasoy shahrida tugʻilgan. Novcha, koʻrkam yigit edilar. U kishi togʻni ursa talqon qilgudek kuchini nafaqat jismoniy mehnatga, balki ilm olishga ham sarfladilar. Margʻilon tibbiyot bilim yurtida tahsil olib, oʻqishni imtiyozli diplom bilan tamomlagach, harbiy xizmatga borganlar. Xizmatni Leningraddagi dengiz flotida aʼlo darajada oʻtab, qishloqqa yorugʻ yuz bilan qaytgan yigitga hamma havas qilgan oʻshanda. Qahramon aka viloyat shifoxonasining urologiya boʻlimida, harbiy gospitalda, harbiy havo kuchlari qoʻshinlarida ishladilar.
Men ham shifoxonada ishlardim. Oʻn toʻqqizda edim. Uydagilar kelayotgan sovchilardan biriga meni unashtirib, non sindirib qoʻyishdi. Yigitning kimligini soʻrashgayam botinolmabman. Bir kun ishga ketayotsam, Qahramon aka ortimdan:
– Sizni bir daqiqaga mumkinmi? – deb qoldilar.
Bu koʻrkam yigitni koʻrib, toʻgʻrisi, yuragim bir “jiz” etdiyu, sezdirmadim. Soʻng jiddiy ohangda:
– Vaqtim yoʻq. Men unashtirilganman, – deb qadamimni tezlatdim.
– Siz unashtirilgan yigit menmanku! – dedi Qahramon aka kulib.
Uyalganimdan ishxonaga qanday yetib borganimni bilmayman oʻshanda.
Toʻyimiz chiroyli oʻtdi. Yangi oilam samimiy edi, koʻnikishim qiyin boʻlmadi. Qahramon aka bilan sohamiz bir boʻlgani uchunmi, bir-birimizni har tomonlama tushunardik. Turmush qurganimizdan bir yil oʻtib, qizimiz Zaynura tugʻildi. Quvonchimizga quvonch qoʻshildi.
Shunday qilib, Qahramon aka bilan besh yil birga yashadik. Qisqa fursat ichida butun umrga yetgulik baxtni hadya etib ketdilar. Ulardan ajrab qolganimizda men 23, qizim Zaynura 4 yoshda, Yodgora hali tugʻilmagandi...
Turmush oʻrtogʻining vatanparvarlik tuygʻusi haqida toʻlqinlanib gapirayotgan bu ayolning oʻzi ham Qahramon Madolimov bilan yelkama-yelka yashadi. Oila qoʻrgʻonining mustahkam boʻlishida bu dilbar ayolning ham oʻrni beqiyos edi. Ayni gul yoshida panohidan ayrilgan Zuhra opa roʻzgʻorning ogʻir yukini zimmasiga oldi. Ikki qiziga ham ota, ham ona boʻldi.
...Qahramon Madolimov ismiga monand yashadi, kasbiga sadoqat bilan ishladi. U 1999-yili Boʻstonliq tumanida jangarilar hujumiga qarshi kurashlarda ham oʻzini koʻrsatgan edi: otishma tugamas, tinimsiz patronlar boʻshar, kim qochganu kim quvgan, kim esa qulagan... Qahramon Madolimov shunday paytda qulagan quroldoshlarining yonidan jilmas, yordam berar, bir qoʻlida qurol tutar, bir qoʻli bilan yarador safdoshini panaroq joyga olib oʻtishga urinar edi. U oʻshanda jangda jarohat olgan qanchadan-qancha quroldoshlarini muqarrar oʻlimdan saqlab qolgan edi.
2000-yil 31-iyul kuni qahramonimiz maxsus topshiriqqa koʻra, uyidan “Tezda qaytaman”, deb chiqib ketdi. Uning tezda qaytishi gumon, ammo borar manzili aniq edi: Surxondaryoning Sariosiyo va Uzun tumanlari. Qahramon Madolimov u yerda jangarilar toʻdasiga qarshi mardona kurashdi. Otishma chogʻida uning quroldosh doʻstlari Bobur va Maʼrufjon qattiq jarohat oldi. Qahramon Madolimov esa doimgidek yordamga shoshildi. Avval Maʼrufjonga, soʻngra Bobur Gʻaniyevga koʻmak berdi. Ikkovlonning ham yaralarini bogʻladi. Boburjonni chetroqqa olayotgan paytida boshiga oʻq tegdi... Taqdir ekan, hozirgina oʻzi qutqarmoqchi boʻlib harakat qilayotgan yarador doʻstlaridan oldinroq Qahramon Madolimovning oʻzi jon taslim qildi. Ayoliga bergan vaʼdasini birinchi va oxirgi marta bajarolmagani shu edi.
“Men bobo boʻlaman!”
Oilaning ustuni sifatida otaning oʻrni beqiyos. Ayniqsa, qiz bola otasini boshqacha yaxshi koʻrib ardoqlaydi. Buni Madolimovlar oilasidan ham bilish mumkin.
Dadasidan yodgor qolgan qiz Yodgora bu yil yigirma yoshga toʻlmoqda. Shu yoshgacha dadasi haqida odamlardan faqat yaxshi gaplar eshitib ulgʻaydi. Murgʻak qalbida cheksiz mehr, harbiylik kasbiga hurmat bilan oʻsdi. Orzularini shu manzil tomon yoʻnaltirdi. Kelajakda otasi kabi harbiy sohada faoliyat olib borish uchun tinmay izlandi, bilim oldi. Ikki opa-singil ham tibbiyot yoʻnalishini tanladi. Hozirda Zaynura Fargʻona davlat universitetida, Yodgora esa Andijon tibbiyot institutida tahsil olyapti.
Zaynura oʻqish bilan birga ikki farzandini ham voyaga yetkazmoqda. Har gal ota uyiga kelganda, endi tili chiqqan oʻgʻli “Men bobo boʻlaman,” deb hovliga “chest” berib kirib keladi. Bu bolakayning “Bobomga oʻxshab harbiy boʻlaman”, degani ekan.
Zuhra opa esa nabirasiga termilarkan: “Oʻzing oʻxshaginu, umring oʻxshamasin”, deb qoʻyadi ichida.
Yodgoradan “Dadangizni qanday tasavvur qilasiz?” deya soʻrayman.
– Dadam ertaklardagi bahodirlardek, Alpomishdek tuyuladi, – deya javob berdi u. – Suratlarida boʻylari baland, kelishgan inson qiyofasi gavdalanadi. Koʻp tushimga kiradilar. Suhbatlashamiz. Jisman oramizda boʻlmasada, doim qoʻllab turishlarini his qilaman. Dadam tanlagan yoʻldan ketmoqchiman. Avvalo, yurtimiz tinch boʻlsin, mabodo ular kabi yurt tinchligi yoʻlida jon berishga toʻgʻri kelsa, jonimga zarracha achinmayman. Chunki men Qahramonning qiziman.
Qahramon Madolimov Quvasoydagi 16-maktabda oʻqigan. Hozir bu maktab hovlisida uning xotirasiga bagʻishlab yodgorlik majmuasi oʻrnatilgan. Mahalladoshlar, maktab oʻquvchilari, qarindoshlar uning byustiga boqib, shunday hamqishlogʻi borligidan faxrlanishadi. Yoshlar unga oʻxshashga harakat qiladi. Umuman, butun oʻzbek xalqi uchun ham uning xotirasi mangu. U bizning ham yaqinimizga, jon-jigarimizga aylangan. Zotan, Vatan uchun jon berganning begonasi boʻlmaydi.
Shohsanam NISHONOVA.