Oʻzbekning buyuk shoiriga ehtirom
Forumda Abdulla Oripov sheʼrlaridan namunalar oʻqildi, hayot yoʻli eslandi.
Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti tashabbusi bilan Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov ijodiga bagʻishlangan “Ulugʻ xalq qudrati joʻsh urgan zamonni kuylagan shoir” mavzusida onlayn forum tashkil etildi.
Tadbir keng jamoatchilikni qamrab olgani bilan ahamiyatli boʻldi. Mehmonlar, institut professor-oʻqituvchilari, talabalar ishtirokidagi tadbirni shoirning oila aʼzolari va farzandlari, olimlar, shoirlar, zamondoshlari, keng jamoatchilik vakillari, ijod maktablari yoshlari, yosh ijodkorlar hamda sheʼriyat muxlislari kuzatib bordi.
Forumda Abdulla Oripov sheʼrlaridan namunalar oʻqildi, hayot yoʻli eslandi.
– Institutimizda adibning ijodini targʻib qilish maqsadida reja ishlab chiqilgan, – deydi institut matbuot xizmati rahbari Rahim Jumaniyozov. – Shoir ijodi va hayot yoʻliga bagʻishlangan koʻplab maʼnaviy-maʼrifiy, badiiy va ijodiy tadbirlar rejalashtirilgan. Jumladan, Abdulla Oripov hayoti va ijodiga bagʻishlangan muzey, adibning ijodi va hayot yoʻliga oid onlayn-vebinarlar tashkil etish, Abdulla Oripov tugʻilib oʻsgan Qashqadaryo viloyati Koson tumaniga talabalar sayohatini uyushtirish, shuningdek, institutda shoir tavalludining 80 yilligini keng nishonlashni maqsad qilib olganmiz.
Institutda shuningdek, respublika miqyosida konferensiya tashkil etish, Abdulla Oripov toʻgʻrisida hujjatli film yaratish ham koʻzda tutilgan. “Abdulla Oripov izdoshlari” toʻgaragini tashkil etish, Qarshi shahridagi Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi bilan hamkorlikda tadbirlar tashkil etish ham rejalashtirilgan. Forumda ana shu ezgu maqsadlar kelishib olindi.
Tadbirda shoirning qizi – Mavluda Oripovaning Amerikadan turib qatnashishi, rafiqasi Hanifa opaning chiqishi kuzatuvchilarda katta taassurot qoldirdi.
Forum ishtirokchilar tomonidan iliq kutib olinib, fikr va mulohazalar hamda savol-javoblarga boy boʻldi.