O‘zbekistonda ilk bor migrantlarni huquqiy, moliyaviy va moddiy qo‘llab-quvvatlash vositalari yaratilmoqda
BMT ko‘p sonli mamlakatlardan millionlab odamlar jalb etilgan tashqi mehnat migratsiyasi hodisasining ahamiyati va ko‘lamini tan olmoqda.
BMT ko‘p sonli mamlakatlardan millionlab odamlar jalb etilgan tashqi mehnat migratsiyasi hodisasining ahamiyati va ko‘lamini tan olmoqda. Ushbu keng ko‘lamli hodisani e’tiborga olib, xalqaro hamjamiyat universal konsepsiyalarni qabul qilish yo‘li bilan mehnat muhojirlari va ularning oila a’zolari bilan muomalada bo‘lish borasida xalqaro-huquqiy tamoyillar va me’yorlarni o‘rnatishga intilmoqda. Shunday hujjatlardan biri 1990 yil 18 dekabrda Bosh Assambleyaning 45/158 rezolyusiyasi bilan qabul qilingan Mehnat migrantlari va ularning oila a’zolari huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya hisoblanadi.
O‘zbekistonda uch yil davomida ilk bor mehnat migrantlarini huquqiy, moliyaviy va moddiy qo‘llab-quvvatlash vositalarini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Hozirgi paytda O‘zbekiston fuqarolarining mamlakat hududidan tashqarida ishga joylashishi O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi xususiy agentliklar tomonidan amalga oshirilmoqda.
Ushbu sohada mamlakat fuqarolarining xorijda mehnat faoliyatini yuritish bo‘yicha o‘z huquqlarini amalga oshirishga yordam ko‘rsatish maqsadida shu yilning avgust oyida qabul qilingan ikkita muhim hujjatga e’tibor qaratish zarur: Prezidentimizning 2019 yil 20 avgustdagi “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila a’zolarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish choralari to‘g‘risida”gi farmoni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 avgustdagi “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori.
O‘z mohiyatiga ko‘ra, Prezident va Hukumatning ko‘rsatib o‘tilgan me’yoriy-huquqiy hujjatlari xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini ijtimoiy va huquqiy himoyalash choralari bilan qamrab olish ko‘lamini kengaytiradi, fuqarolarimizni xorijda va Vatanimizda uyushgan tarzda ishga yollash, tayyorlash, moslashtirish tadbirlarini amalga oshirish va ishga joylashtirish jarayonlarini samarali boshqarish va nazorat qilish yo‘llarini belgilaydi.
Qabul qilingan hujjatlar mohiyatan fuqarolarimizning mamlakat hududidan tashqarida ishga joylashishi, shuningdek, Vatanga qaytganlaridan so‘ng jamiyatga qo‘shilishini ta’minlash, mehnat migrantlarining O‘zbekistondagi oilalariga ijtimoiy-maishiy muammolarni hal qilish, yashash sharoitlarini yaxshilash, mehnatga layoqatli oila a’zolarining bandligini ta’minlash orqali ularning daromadlari va turmush darajasini oshirishga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha respublikamizning o‘z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarni amalga oshirishda kuchli rag‘bat bo‘lmoqda.
Ilk bor xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishni mo‘ljallayotgan mehnat migrantlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari amalga oshirilmoqda, ularga kreditlar, mikroqarzlar hamda fuqarolarning hayoti va salomatligini sug‘urtalash bo‘yicha sug‘urta mukofotini qoplash uchun subsidiyalar berilmoqda.
Davlat boshqaruvi organlari, joylardagi ijro hokimiyati organlari hamda uyushgan migratsiya, migrantlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoyalash, ularga moddiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish, shuningdek, turdosh masalalarni hal qilish bo‘yicha boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi tashkil qilindi.
Ushbu komissiya zimmasiga quyidagi asosiy vazifalar yuklandi:
tashqi mehnat migratsiyasi sohasida davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirilishini tashkillashtirish, ushbu sohaga oid milliy qonunchilikni va huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirish;
O‘zbekiston fuqarolariga ularning xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish, adolatli va xavfsiz mehnat sharoitlariga bo‘lgan huquqlarini ro‘yobga chiqarishda ko‘maklashish, ijtimoiy va huquqiy himoyasini, shuningdek, Vatanga qaytganlaridan so‘ng jamiyatga qo‘shilishini ta’minlash;
davlat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlarining tashqi mehnat migratsiyasi sohasida qilingan ishlar bo‘yicha hisobotlarini tinglash, shu asosda ularni rag‘batlantirish yoki javobgarlikka tortish bo‘yicha qarorlar qabul qilish;
tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi ishlarning ahvolini tizimli tahlil va monitoring qilish hamda uning yakunlari bo‘yicha mehnat migrantlariga huquqiy, moliyaviy va moddiy ko‘maklashish vositalarining samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, shuningdek, vakolatli davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari har olti oyda kamida bir marta mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash va huquqlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida Respublika komissiyasiga hisobot berishi belgilab qo‘yildi.
Respublika komissiyasining muhim vazifalaridan biri xorijiy mamlakatlarning vakolatli organlari bilan tashqi migratsiya masalalari bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, O‘zbekistonning mehnat migrantlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro shartnomalarga qo‘shilish (ratifikatsiya qilish) bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqishdan iborat.
Mustaqil rivojlanish yillari davomida mamlakatimizda ham ko‘p tomonlama, ham ikki tomonlama asosda xalqaro-huquqiy hujjatlarni qabul qilish orqali tashqi mehnat migratsiyasi sohasini tartibga solish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi.
O‘zbekiston 1992 yilda XMTga qo‘shilganidan so‘ng ushbu xalqaro tashkilotning 13 ta konvensiyasini ratifikatsiya qildi. Mehnat qonunchiligini izchil amalga oshirish va yanada takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2018 yilda O‘zbekiston Xalqaro migratsiya tashkiloti konstitutsiyasini ratifikatsiya qildi.
MDH doirasida O‘zbekiston Mehnat migratsiyasi va mehnatkash migrantlarni ijtimoiy himoyalash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolangan. Koreya Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘iston bilan ikki tomonlama asosdagi bitimlar imzolangan.
Xususan, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida ishchi kuchi harakatlanishi jarayonini tartibga solish bo‘yicha bir qator hukumatlararo bitimlar amal qiladi, ayniqsa, respublika fuqarolarini RF hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun uyushgan tarzda ishga yollash va jalb qilish ishlari ustuvor ahamiyatga ega. Shu maqsadda 2017 yildan boshlab ikki davlatning mehnat vazirlari boshchiligidagi O‘zbekiston – Rossiya ishchi guruhi faoliyat yuritmoqda.
Shu bilan birga, o‘tgan uch yil davomida respublikamiz tomonidan Turkiya, BAA kabi mamlakatlarning tashqi mehnat faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga yo‘naltirilgan qator yangi bitimlar tuzilgan. Boshqa mamlakatlar bilan ham o‘zaro manfaatli asosda shunday ishlar olib borilmoqda.
Ushbu sohada tuzilgan barcha bitimlarning o‘ziga xos jihati shundaki, mehnat migrantlari qabul qilayotgan mamlakat hududida ularning fuqarolari ega bo‘lgan huquqlardan foydalanadi.
Bu o‘rinda so‘z quyidagi huquqlar haqida bormoqda:
xavfsiz mehnat sharoitlari;
teng qiymatli ishga teng haq to‘lanishi, shu jumladan, bunga haqli bo‘lgan shaxslarga qo‘shimcha mablag‘ va kompensatsiyalar to‘lanishi;
pulli asosda turar joydan foydalanish;
ijtimoiy ta’minot (ijtimoiy sug‘urta);
ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalardan va kasb kasalliklaridan majburiy sug‘urtalash;
ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa yoki kasb kasalligi tufayli hayotiga va sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplash;
cheklovlar va boshqa shartlar bo‘lmagan hollarda, mehnatkash migrantga bog‘liq bo‘lmagan vaziyatlar tufayli ishini yo‘qotganda, boshqa haq to‘lanadigan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish imkoniyatini yaratish.
Mazkur hujjatlarning ikkinchi jihati shundaki, ular mehnatkash migrantlarni va ularning oila a’zolarini har qanday tranzit davlat va yollanib ishlayotgan davlatning qonun-qoidalariga rioya qilishdan yoki ushbu davlatlarning madaniy o‘ziga xosligini hurmat qilish majburiyatidan ozod qilmaydi.
Ushbu bitimlarning va huquqiy yordam to‘g‘risidagi boshqa konvensiyalarning uchinchi xususiyati shundan iboratki, mehnat migrantlari va ularning oila a’zolari mamlakatimizning konsullik yoki diplomatik muassasalaridan himoya va yordam olish huquqiga ega.
Mamlakatimiz Prezidenti va hukumati tomonidan tashqi mehnat migratsiyasi sohasida qabul qilingan yangi me’yoriy-huquqiy hujjatlar fuqarolarning xalqaro talablarga muvofiq himoyalanishiga ko‘maklashadi. Ushbu muhim masalada ustuvor e’tibor xorijiy ish beruvchilarning mehnat sharoitlari va ish haqi, ijtimoiy paket va boshqa muhim mezonlar ko‘rsatilgan oldindan beriladigan buyurtmalari asosida xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun uyushgan tarzda yollash va jalb qilishga har tomonlama ko‘maklashishga yo‘naltirilgan.
Ushbu hujjatlar tashqi mehnat faoliyati ishtirokchilarini ishga joylashish hujjatlari va respublikaning ushbu sohaga oid xalqaro shartnomalari bilan keng tanishib chiqishi zarurligini taqozo etadi. Bunda, xususan, kirish va chiqish qoidalari, vaqtinchalik mehnat faoliyati amalga oshiriladigan mamlakatda hayotni ko‘ngilli tarzda sug‘urtalash, fuqaro shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport) bilan muomala qilish qoidalari ko‘zda tutiladi. O‘zbekistonda Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha ruxsatnomani (patentni) tayyorlash, rasmiylashtirish va berish bo‘yicha xizmatlarni amalga oshirish vakolatiga ega bo‘lgan ushbu mamlakat organlari va tashkilotlarining filiallarini (front-ofislarini) ochish masalasi o‘rganilmoqda. Shuningdek, Rossiya migratsiya markazlari vakolatxonalari negizida mehnat migrantlariga viza-hujjatlarga oid yordam ko‘rsatishga ixtisoslashgan markazlar tashkil qilinmoqda.
Ushbu masalaga aloqador bo‘lgan barcha turdosh davlat tashkilotlari, respublikamizning ekspert va fuqarolik hamjamiyati institutlarining tilga olingan Xalqaro konvensiyaga qo‘shilish (ratifikatsiya qilish), shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi qonuni talablarini hisobga olgan holda tashqi migratsiya sohasiga oid boshqa universal va hududiy konvensiyalarga qo‘shilish masalasini ishlab chiqish borasidagi o‘zaro kelishilgan va samarali hamkorligi muhim ahamiyatga ega.
Shu bilan birga, tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi huquqni qo‘llash amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, bugungi kunda respublika fuqarolarining xorijda ishga joylashish huquqi “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonun qoidalari bilan chegaralanadi.
Ayni paytda tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi ijtimoiy munosabatlarning barcha jihatlarini kompleks tarzda tartibga soluvchi qonunchilik hujjati, shuningdek, respublika xalqaro shartnomalarida xorijdagi vaqtinchalik mehnat faoliyati sohasidagi me’yorlar mavjud emas. Prezident va hukumat tomonidan qabul qilingan hujjatlardan kelib chiqadigan vazifalar ushbu sohadagi milliy qonunchilikni va huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirish, ushbu me’yorlarni tashqi mehnat migratsiyasini belgilovchi yagona qonunda tizimlashtirishga yordam beradi.
Komil RAShIDOV,
yuridik fanlari doktori, professor.