Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasida transport sohasidagi hamkorlik yana-da rivojlanadi
Oʻzbekiston vakillari Eron va Turkmaniston oʻrtasida temir yoʻl va avtomobil qatnovi tezroq tiklanishi tomonlar uchun birdek manfaatli ekanini taʼkidlab oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri oʻrinbosari Davron Dehqonov va “Turkmanavtotransport” agentligi raisining oʻrinbosari J.Garayev, shuningdek, ikki mamlakat temir yoʻl tizimi va tegishli idora hamda tashkilotlari rahbarlari ishtirokida videokonferensiya aloqa shaklida uchrashuv oʻtkazildi, deb xabar bermoqda Transport vazirligi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasida transport sohasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalari, shuningdek, koronavirus pandemiyasi sabab amaliyotga joriy etilayotgan cheklov choralari davrida yuzaga kelgan mavjud muammolarni hal etish masalalari muhokama qilindi.
J.Garayev Turkmaniston tomoni koronavirus infeksiyasining mamlakatga kirib kelishi va qoʻshni respublikalar hududiga tarqalishining oldini olish yuzasidan barcha zarur choralar koʻrilayotganini bildirdi.
Ayni payt Turkmaniston chegaralarini kesib oʻtuvchi poyezd va yuk mashinalari uchun Turkmanboshi, Serxetyak, Garabogaz, Farap, Imamnazar va Serxetabat chegara punktlarida jami 6 ta dezinfeksiya tunnellari tashkil etilgan.
“Joriy oy oxiriga qadar Saraxs chegara-oʻtkazish punktida Eron bilan hamkorlikda dezinfeksiya-fumigatsiya moslamalarini ishga tushirish natijasida avtomobil va temir yoʻl aloqalarini tiklashni rejalashtiryapmiz”, — dedi Garayev.
Oʻzbekiston vakillari Eron va Turkmaniston oʻrtasida temir yoʻl va avtomobil qatnovi tezroq tiklanishi tomonlar uchun birdek manfaatli ekanini taʼkidlab oʻtdi.
Davlatlarimiz oʻrtasidagi qardoshlik munosabatlarini inobatga olgan holda, D.Dehqonov mamlakatlar oʻrtasida yoʻlovchi tashishni tashkil etish borasidagi ishlarni jadallashtirishni taklif qildi.
Uchrashuvda tomonlar Oʻzbekiston — Turkmaniston — Eron — Ummon transport yoʻlagining barcha ishtirokchilari bilan Ashxobod bitimi boʻyicha ishlarni faollashtirishga ham kelishib oldilar.