O‘zbekiston futbolchilari 1/8 finalga chiqdi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi XVII yozgi Osiyo o‘yinlari guruh bosqichining oxirgi uchrashuvida Afg‘oniston terma jamoasi ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi.
Incheon. O‘zA maxsus muxbiri Mehribon Mametova xabar qiladi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi XVII yozgi Osiyo o‘yinlari guruh bosqichining oxirgi uchrashuvida Afg‘oniston terma jamoasi ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi.
Uchrashuv davomida futbolchilarimiz chiroyli, tezkor va hujumkor o‘yin namoyish etib, raqibdan ham jismoniy, ham texnik jihatdan ustunligini ko‘rsatdi. 6-daqiqada terma jamoamiz himoyachisi Yegor Krimets hisobni ochdi. 42-daqiqada hujumchi Vohid Shodiyev keyingi to‘pga mualliflik qilgan bo‘lsa, 50-daqiqada yarim himoyachi Farrux Sayfiyev afg‘onistonliklar darvozasiga uchinchi to‘pni yo‘lladi. Yirik hisobda oldinda borayotganiga qaramasdan hujumkorlikni to‘xtatmagan futbolchilarimiz o‘yin oxirida Igor Sergeyevning goli evaziga hisobni 4:0 ga yetkazdi. Qo‘shib berilgan vaqtning dastlabki daqiqasida Vohid Shodiyev o‘zining ikkinchi, jamoamizning beshinchi to‘pini kiritib, umumiy hisobning 5:0 bo‘lishini ta’minladi.
Afg‘onistonlik futbolchilar harchand urinishmasin, terma jamoamiz darvozasiga yo‘l topa olmadi. Shunday qilib, O‘zbekiston futbolchilari V guruhida yetti ochko to‘plab, birinchi o‘rinni egalladi.
Endi mamlakatimiz terma jamoasi nimchorak finalda Saudiya Arabistoni terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.