O‘zbek va tojik – azaliy qardoshlar
Tojikiston Respublikasida joriy yilning 11-15 noyabr kunlari O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkaziladi.
Tojikiston Respublikasida joriy yilning 11-15 noyabr kunlari O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkaziladi.
Shu munosabat bilan Tojikiston Respublikasi Madaniyat vaziri Shamsiddin Orumbekzoda bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazildi.
Tojikiston milliy kutubxonasida o‘tkazilgan uchrashuvda istiqboldagi madaniyat va san’atni rivojlantirish borasidagi strategik rejalar muhokama qilindi. Ikki tomonlama hamkorlikning asosiy mavzusi, ikki davlatning ehtiyojiga ko‘ra, madaniyat yo‘nalishi yuzasidan ta’lim sifatini oshirish, balet va opera sohasida tajribali mutaxassislarni jalb qilish, teatr gastrollarini tashkil etish, maqomni targ‘ib etish kabi masalalar muhokama qilindi.
Kutubxonada o‘tkazilgan matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob oldi. Qiziqarlisi shuki, o‘zbek san’atkorlarining ijodini tojikistonlik muxlislar sevib eshitar ekan. Shuningdek, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “Navo” telekanalida namoyish etiladigan barcha dasturlarni tojikistonlik muxlislar har kuni kuzatib borar ekan.
Prezidentlarimiz sa’y-harakati tufayli o‘zaro hamkorlik aloqalarining rivojlanayotgani bugun o‘z natijasini bermoqda. Ayniqsa, 2017 yildan boshlab madaniyat kunlari ikki davlatda har yili o‘tkazilayotgani alohida tahsinga loyiq. Bu madaniyat kunlari ikki davlat san’at ahli hamkorligida bo‘layotgani, shu bilan birga, “Do‘stlik kechalari” ham tashkil etilayotgani OAV vakillariga ma’lum qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi
Madaniyat vazirligi matbuot xizmati