Oʻzbek tili – milliy maʼnaviyat poydevori
Ona tilimiz – milliy maʼnaviyatimizning bitmas tuganmas bulogʻidir.
Ona tilimiz – milliy maʼnaviyatimizning bitmas tuganmas bulogʻidir. Shunday ekan unga munosib hurmat va ehtirom koʻrsatish barchamizning nafaqat vazifamiz balki muqaddas insoniy burchimizdir.
Shavkat Mirziyoyev
Dunyo tamaddunida millatning oʻzligini, xalqning takomil darajasini belgilovchi muhim omillaridan biri – til. Ona tilining rivoji, unda yaratilgan osori-atiqalar, maʼnaviy merosning koʻlamiga, ona tilini oʻrganish, tahlil etish koʻnikmasining shakllanishiga qarab millatga baho beriladi. Aslida dunyo boʻyicha mavjud 7 mingdan ziyod tildan bor-yoʻgʻi 200 taga yaqiniga rasmiy maqom berilgani ham shu jihat bilan belgilanadi.
Teran tarixi, takomil bosqichlari, boy maʼnaviy merosi va mavqeiga ega boʻlgan oʻzbek tili bayramini har yili 21-oktyabr kuni rasman nishonlash toʻgʻrisidagi Prezidentimizning 2020-yil 10-aprelda imzolagan qonuni muhim tarixiy ahamiyat kasb etadi. Avvalo, oʻzbek tilining salohiyatini oshirish, boyitish, nufuzini yana-da yaxshilash, dunyo hamjamiyati oldida tilimizning fayzu tarovati va jozibadorligini namoyish etishining yangi imkoniyat eshiklari ochildi. Zero, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, Oʻzbekiston ochiq va konstruktiv siyosati bilan mintaqamizdagi yirik siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazga aylanib borayotgan bir pallada oʻzbek tili – milliy gʻurur, oʻlmas bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyat, jamiyatimizni ulugʻ maqsadlar sari safarbar etadigan qudratli kuchdir.
Shoʻro davridayoq, yaʼni, 1989-yil 21-oktyabr sanasida “Davlat tili haqida”gi qonunning qabul qilinishi haqiqiy maʼnaviy jasorat va fidoiylik namunasi, Oʻzbekistonning davlat mustaqilligi sari tashlangan ilk qadamidir. Ayni shu tilda Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi eʼlon qilindi. Bosh Qomusimiz – Konstitutsiya oʻzbek tilida yaratildi, Davlat madhiyasi jahon boʻylab jarangladi, 100 dan ziyod millat va elat vakillarining bir osmon ostida tinch, osoyishta, ahil yashashiga imkon yaratildi.
“Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan ustuvor gʻoya asosida taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qoʻygan mamlakatimizda oʻzbek tilining davlat tili sifatida siyosiy-huquqiy, iqtisodiy-ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy hayotimizdagi faolligini oshirish yoʻlida ulugʻvor ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Yurtboshimiz tashabbusi va saʼy-harakati bilan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Milliy bogʻ hududida oʻzbek adabiyotining buyuk namoyandalari, tilimizning chinakam jonkuyarlari xotirasiga bagʻishlangan Adiblar xiyoboni tashkil etildi. Atoqli adib va shoirlarimiz nomida ijod maktablarining ochilishi milliy til va adabiyotimizning nufuzini oshirish, boy maʼnaviy merosimizni chuqurroq oʻrganish, yosh avlodga tilimizning tarovat va nafosatini yetkazishga xizmat qilmoqda. Xorazmda Muhammad Rizo Ogahiy, Namanganda Isʼhoqxon Ibrat, Jizzaxda Hamid Olimjon va Zulfiya, Fargʻonada Erkin Vohidov, Nukusda Ibroyim Yusupov, Sirdaryoda Halima Xudoyberdiyeva, Andijonda Muhammad Yusuf, Toshkentda tashkil etilgan Abdulla Qodiriy ijod maktablarida koʻplab iqtidorli, salohiyatli oʻquvchilar bilim olmoqda.
Xalqaro maydonda oʻzbek tilining obroʻyi yuksalayotgani quvonarli hol. Bugungi kunda 50 millionga yaqin kishi jahon miqyosida oʻzbek tilida soʻzlashmoqda. AQSH, Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Janubiy Koreya kabi 20 ga yaqin rivojlangan mamlakatlarning 60 ga yaqin oliy taʼlim dargohlari, 100 dan ziyod mamlakatlarda oʻzbek tili oʻrganilmoqda. Yana bir yangilik Oʻzbekiston Turkiy tilli davlatlar amkorlik kengashiga aʼzo boʻldi. Prezidentimiz tashabbusi bilan turkiy tilga soʻzlashuvchi qardosh xalqlar adabiyotining eng sara namunalari mujassam boʻlgan “Turkiy adabiyot xazinasi” yuz jildlik kitobini aʼzo davlatlarning ona tilida nashr etish jarayoni boshlandi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni oʻzbek tilini yuksalishiga qaratilgan ulugʻvor ishlarning mantiqiy davomidir. Unga koʻra, tilimizning sofligini saqlash, lugʻat boyligini oshirish, barcha sohalarda chetdan kirib kelayotgan zamonaviy soʻz, ibora va atamalarning oʻzbekcha muqobilini yaratish hamda
qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat tilini rivojlantirish boʻyicha alohida tuzilma tashkil etildi. Mazkur tuzilma davlat tilida yuritilayotgan meʼyoriy hujjatlarga rioya etilishini nazorat qiladi, sohaga oid masalalarni tahlil etib, yagona davlat siyosatini taʼminlaydi.
Mamlakatimizda jismonan va maʼnan sogʻlom, mustaqil fikr va eʼtiqodga ega farzandlarni tarbiyalash, keng aholi orasida sogʻlom turmush tarzi asoslarini singdirish, iqtidorli va salohiyatli sportchi-yoshlarni saralash hamda tanlash, sport-sogʻlomlashtirish ishlarini toʻgʻri tashkil etish, jamiyatda ommaviy sportni keng koʻlamda targʻib etish, sport bilan shugʻullanuvchilarga sharoit yaratish, sport muassasalarini moddiy-texnika bazasini mustahkamlash Jismoniy tarbiya va sport vazirligining ustuvor vazifalaridan sanaladi.
Vazirlik tizimidagi tashkilot va muassasalarda davlat tilida ish yuritish jarayonida uchta muammo bor:
– Davlat tilida ish yuritish boʻyicha muayyan tizim mavjud emas. Meʼyoriy hujjatlarga tartib berish, ularning ijrosini taʼminlash, yuqori tashkilotlardan kelgan huquqiy hujjatlarni belgilangan tartib asosida nazoratga olish masalasida turli yondashuvlar mavjud;
– Tizimda faoliyat koʻrsatayotgan xodimlar murabbiy, uslubchi, tarbiyachi, texnik xodimlarning davlat tilini bilishi va unda ish yuritish malakasi qoniqarsiz darajada;
– Davlat tilida ish yuritishdagi meʼyoriy hujjatlar (ariza, kafolat xati, tushuntirish xati, tavsiyanoma, tavsifnoma, bildirgi, dalolatnoma v.h.)ni tartib berish talab darajasida emas.
Vazirlik boʻyicha oʻzbek tilida ish yuritish tizimini tartibga keltirish, davlat tilining nufuzini oshirish, sohada faoliyat koʻrsatayotganlarning til bilish darajasini yana-da yaxshilash, jismoniy tarbiya va sportdagi yutuqlarni targʻib etish hamda mavjud muammolarni tahlil etish maqsadida quyidagi ishlarni bajarish maqsadga muvofiqdir:
Avvalo, vazirlik tasarrufidagi sport taʼlim muassasalarida “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonunning bajarilishi va davlat tilida ish yuritishning bugungi holati tahlil etilishi shart.
Ikkinchidan, malakali va tajribali mutaxassislardan iborat kichik guruh tuzib, davlat tilida ish yuritish boʻyicha sport taʼlim muassasalariga (meʼyoriy hujjatlarni nazoratga olish, tartib berish, nazorat kartochkalarini yuritish, xodimlar malakasini oshirish v.h.)koʻmak berish.
Uchinchidan, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti mutaxassislari koʻmagida davlat tilida ish yuritish, oʻzbek tilini oʻrganish, sohaga daxldor zamonaviy atamalarning muqobilini topish va amaliyotga tatbiq etish boʻyicha oʻquv-uslubiy qoʻllanma hamda tavsiyalarni ishlab chiqish, atamalar lugʻatini shakllantirish.
Toʻrtinchidan, talaba- yoshlarimiz koʻproq foydalanadigan Internet va ijtimoiy tarmoqlarda tilimizning butun jozibasini koʻrsatuvchi oʻzbek tilining kompyuter dasturlarini, onlayn darsliklar, atamalarning elektron lugʻatini yaratish.
Beshinchidan, oʻzbek tilida maktabgacha taʼlim muassasalari, umumtaʼlim maktablari va mustaqil oʻrganuvchilar uchun jismoniy tarbiya darslarini tashkil etish.
Oltinchidan, OʻzDJT va SU mutaxassislarini jalb etgan holda barcha aholi qatlamlari uchun qisqa va uzoq muddatli oʻzbek tilini oʻrgatuvchi kurslar tashkil etish.
Yettinchidan, sport taʼlimi muassasalarida, jismoniy tarbiya va sport boshqarmalarida davlat tilida ish yuritish boʻyicha alohida shtat birligi ajratish.
Sakkizinchidan, sport taʼlimi muassasalarida haftaning bir kunini “Oʻzbek tili” kuni deb belgilab, “Kitobxonlik saodati”, “Ona tilim – jonu dilim”, “Til bilmoq – el bilmoq” ruknlarida muntazam tadbirlar tashkil etish.
Xullas mustaqil diyorimizda yashayotgan har bir kishi ona tilini asrab, unga boʻlgan eʼtiborni mustaqillikka eʼtibor, ehtirom va sadoqatni ona – Vatanga boʻlgan ehtirom va sadoqat deb qarasa soʻzsiz ona tilimizning nufuzi, shaʼni, obroʻ-eʼtibori yana-da ziyoda boʻladi.
Nodir GʻAFFOROV,
Oʻzbekiston davlat Jismoniy tarbiya
va sport universiteti dotsenti.