“O‘zbek ayollari” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan “Tashkent Book Fest – 2019“ birinchi xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi doirasida “O‘zbekiston ayollari” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan “Tashkent Book Fest – 2019“ birinchi xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi doirasida “O‘zbekiston ayollari” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Ushbu ensiklopedik asar O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan “O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti bilan hamkorlikda nashr qilingan.
Ayolni dunyoning sakkizinchi mo‘jizasiga qiyoslashadi. Ayol aslida nafaqat dunyoning, balki Yaratganning asl mo‘jizasi hamdir. Zero, ayol borki, hayot bor, tiriklik, yangilanish, yasharish bor. Hatto dunyoning o‘sha mashhur yetti mo‘jizasi ham, tarixdan yaxshi ayonki, ayolga atab bunyod etilgan.
Shu ma’noda, bugun yurtimizda xotin-qizlarga yuksak e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Ayniqsa, joriy yil 2 sentabr kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlari ayollarni e’zozlash masalasi davlat siyosati darajasida ekanini yana bir karra yaqqol namoyon qildi.
“O‘zbekiston ayollari” kitobi “Tarixga muhrlangan ayollar”, “Ayollar davlat boshqaruvida”, “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni sohibalari”, “O‘zbekistonning akademik ayollari”, “O‘zbekistonning olima ayollari”, “Turli sohalarda faoliyat yuritayotgan ayollar”, “Madaniyat va san’at sohibalari” va “O‘zbekiston sportchi ayollari” singari bo‘limlardan tashkil topgan. Kitobga 100 dan ortiq ona Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida mehnat qilayotgan yetakchi rahbar ustozlarimiz, olima, shoira, o‘qituvchi, shifokor, sportchi ayollarimiz haqidagi ma’lumotlar kiritilgan.
Taqdimot marosimida mamlakatimizning turli vazirlik va idoralarida faoliyat olib boruvchi xotin-qizlar, mazkur kitobda nomi qayd etilgan ayollarning bir qismi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalari, xorijlik mehmonlar va ko‘rgazma-yarmarkaga tashrif buyurgan kitob ixlosmandlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova ochib berdi.
Taqdimot marosimi yakunida yig‘ilganlarga “O‘zbekiston ayollari” kitobi sovg‘a qilindi.