«O‘zanga qaytishimiz kerak!»
«Yurak iqlimi», «Ko‘ngil kitobi», «Borligini bilganlar» kabi she’riy hamda «Ko‘ngil obidasiga yo‘l» esselar to‘plami muallifi.
Gurunglashaman desang, elda mavzu, shunga yarasha suhbatdosh bisyor. Ammo bu vaqtning havoga sovurilishiga teng bo‘lmasligi kerak. Har holda o‘zini hurmat qilgan, vaqtni oltinga tenglaydigan, umrning g‘animat ekanligini anglaydigan kishilar uchun shunday. Fikri bor ziyolilar suhbatida bo‘lishni ta’bir joiz bo‘lsa bir nechta kitob mutolaasiga tenglash mumkin. Ayniqsa bu ulkan o‘zanlardan suv ichgan iste’dodli shoir Shodmonqul SALOM bo‘lsa.
Shodmonqul SALOM
1980 yilda tug‘ilgan. Termiz davlat universitetida tahsil olgan, oliy adabiyot kursi tinglovchisi.
«Yurak iqlimi», «Ko‘ngil kitobi», «Borligini bilganlar» kabi she’riy hamda «Ko‘ngil obidasiga yo‘l» esselar to‘plami muallifi.
Hozirda «Ma’naviy hayot» jurnalida faoliyat yuritmoqda.
– Mana, bugun Vatan himoyachilari kuni. Shu fursatda siz bilan Vatan tuyg‘usi, yurtparvarlik kechinmalari to‘g‘risida suhbatlashishni lozim topdik.
– Vatan himoyachisi degani juda ulug‘ ibora, ulug‘ kalima. Bu so‘zni har bir tirik jon o‘zidan, o‘zligidan o‘tkazishi kerak. Bir zamonda, endi ikkinchimi-uchinchimi sinfda o‘qiyotgan singlimizga nimadir nohaqlik qilganimizda, u onamga taqlidan «men ham shu vatan uchun yuribman», degandi ko‘ziga yosh olib. Ya’ni bu vatan ravnaqida har bir jonning ozmi-ko‘pmi ulushi bor. Bo‘lishi kerak. Bo‘lmasa hozirgi savol-javobimizda ma’no bo‘lmasdi.
Yurtparvarlik tuyg‘usiga kelsak... Juda qoniqarsiz darajada yurtparvarmiz. Bizda Vatan tuyg‘usi yetishmaydi. Chinakam fidoyilik degan narsa yo‘qolish darajasiga keldi, desam vahima qilyapti, demang.
Zahmatkash Oybek «Navoiy» romanini yozayotganida qovurmoch talqonni yeb, shunga qanoat qilib ijod qilgan ekan. Tobora kamayib borayotgan ko‘mirni tejab, uyni isitayotgan ayoliga ham shu talqondan ilinib, millat faxri bo‘lgan Navoiy timsolini yaratgan ekan u. Bugun biror mukofot yoki manfaatdan quruq qolsa, dunyoni buzguday bo‘lib, internet orqali ayyuhannos soladigan ijodkorlar ham yo‘q emas. Vaholanki, yozgan asarining umri o‘zidan oldin ado bo‘lib ketyapti ko‘pining.
Yoki «Xalq qabulxonasi»ga tushadigan shikoyatlarning mazmuniga qarang. Men bu shikoyatlarga mas’ul yoki javobgarmasman, ammo his etaman, ularning aksariyati shaxsiy manfaatni ko‘zlab yo‘llanmoqda. «Menga uy kerak!», «Menga tomorqa kerak», «Menga qo‘shnim tinchlik bermayapti», «Mening bolam noqis»... va hokazo... Kamdan-kam hollarda biror bir hudud yoki jamoa foydasi ko‘zlangan bu murojaatlarda. Albatta, bu qabulxonalar xalq dardini o‘rganish uchun katta niyatda tashkil etilgan, biroq xotining bilan urushib qolsang ham hukumatga shikoyat qilmaysan-ku... insof degani zo‘r narsa...
Yana bir o‘ta xijolatli voqea ro‘y berdi jamiyatimizda. Har holda men shunday baholadim buni. Oliy o‘quv yurtiga kirish imtihonlari oldidan oliygohlar rektorlari poraxo‘rlikka yo‘l qo‘ymaslik, korrupsiyaning oldini olish uchun qasamyod qabul qildilar. Oliy ta’lim vazirligi tashabbusi bilan amalga oshirildi bu ish. Nima bo‘lganda ham poraxo‘rlikning oldini olishga xizmat qiluvchi bu jarayondan kelajak avlodni o‘ylab, elga foyda bersa bo‘ldi, deb xursand bo‘lish ham mumkin. Ammo bu darajaga borish bizning halol o‘zbek uchun uyatli holat emasmi? Demak, poraxo‘rlikning oldini olish uchun albatta, qasamyod qilish kerak ekan-da...
– Ijodkor kishi har bir narsaga o‘ziga xos nigoh bilan boqadi. Siz oddiy odamlar qalbidagi vatanni qanday ko‘rasiz?
– Oddiy odamlar ham kamayib ketayapti, sizga aytsam. Hamma bilag‘on bo‘ldi bugun. Oddiy dehqon yo cho‘ponni ham hayron qoldirish mushkul. Bunga uning boshida g‘ovlab ketgan hisob-kitobi sabab. Chunki uning ham oddiy bo‘lgisi kelmay qolgan. U ham o‘g‘lini uylantirganda ming dollarlik kostyum-shimda ko‘rgisi keladi kuyovto‘rani. Falon moshinada kelishini istaydi kelinning. Shunday qilmasa «el qatori» bo‘lmay qoladi, go‘yo. Oddiy odamlar qalbidagi vatanga ana shu bodilik, oliftalik raxna solayotir. Poraxo‘rlikning ildizi ham, odamlarning nazari och bo‘lib qolishining sababi ham ana shu oddiylikning yo‘qolganida. «Topish kerak, yo‘qni yo‘nish kerak, boriga baraka, deb bo‘lmaydi, kam qilmaslik kerak!» Ko‘cha to‘la avtobus, marshrut, taksi, ammo mashina olish kerak. Keyingi yil uni almashtirish kerak – yangisiga, qimmatrog‘iga...
Bir maktabda to‘rtinchi sinfda o‘qiydigan, yoshiga nisbatan yaxshigina she’r yozadigan qizaloqni tanishtirishdi. Qizchaning bitiklaridan quvonib, u bilan savol-javob qildim. «Orzuing nima?» «Orzuim shoira bo‘lish, keyin... «Zulfiya» mukofotini olish», dedi qizcha. «Shoira bo‘lsang, mukofotni nima qilasan?» dedim ensam qotib. «O‘qishga imtiyoz bilan kiraman!» dedi u faxr va umid bilan. Ochig‘i, yig‘lavoray dedim. Mana bizning tarbiyamiz qanday bo‘lib qoldi. U qizaloq menga: «Men haqiqiy, el dardini ko‘taradigan shoira bo‘laman, xalqning yo‘qolgan umidini, ishonchini qaytarib beradigan katta qalb egasi bo‘laman...» desa edi. Qorboboga ham, yalmog‘iz kampirga ham, devlaru parilarning afsonaviy makonlari borligiga ham ishonmay qo‘ydi bolalarimiz. Nega? Chunki biz ishda ham, uyda ham, choy ustida ham, uxlashga yotganda ham allambalo rejalar, hisob-kitoblar tuzib yotibmiz. Orzu qilmay qo‘ydik. Biz o‘ylayotgan, so‘zlayotgan, bizni entiktirayotgan narsalar ORZU emas, rejaga, kibrga, munofiqlikka qorishiq sovuq raqamlarga o‘ralgan rejalar. Dasturxon boshidan turayotganda bolalarimizning omadini ber, deb so‘rayapmiz Yaratgandan. «Bolalarimga imon ber, insof ber, ilm-ma’rifatga yo‘ldosh qil», deb duo qilmayapmiz. Aksincha, bolamning omadini ber, arzon olib qimmat sotsin, deyapmiz. Pirovardida, qalblardan hayrat ketib borayotir... bu yomon!
Savoldan chetlab ketmadim, deb o‘ylayman. Negaki, vatan tuyg‘usi ana shunday poklikdan unib chiqishini bilishimiz kerak. Ikkinchi jahon urushi davrida, front ortida turib, bor boyligini g‘alaba uchun nisor qilgan – otameros tillasini ham tank quyishga berolgan millatning avlodi ekanimiz esda turish kerak. Bizning tomirimizda shunday ulug‘ elning oliyjanob qoni oqqan o‘zan bor. Biz o‘zanga qaytishimiz kerak!
Shu o‘rinda muhim bir gap: Prezidentimiz 2016 yil dekabridan buyon bir iborani juda ko‘p takrorladi. Bu – Xalq ishonchi! Bu so‘zlarning jonkuyarlik bilan bot-bot aytilishi bejiz emas. Dorixonaga kirgan maktab o‘quvchisi ham olayotgan dorisining chiqqan vaqtiga qaraydi: muddati o‘tib ketmabdimikan? Muddati o‘tgan bo‘lishi ham mumkin-da!
Menga kitob do‘konidan turib qo‘ng‘iroq qiladiganlar bor: «Falon kitobni olmoqchi edim, muallifini taniysizmi? Beshinchi sinf bolamga olsam bo‘ladimi, zarari yo‘qmi?» «Ey, musulmon! Kitob do‘konidagi kitobning ham zararlisi bo‘ladimi? Zararli bo‘lsa, uni bosib chiqarisharmidi?» deb aytishga esa ba’zan asos topolmay qolaman. Rostdan ham kafolat berish qiyin bo‘lgan nashrlar ham yo‘q emas – tan olish kerak.
Bir tanishim Chorsudan ko‘tara narxda sotilayotgan ko‘ylaklardan uchta olibdi. Uchta olgani uchun narxidan ming so‘m o‘tishini iltimos qilibdi. Sotuvchi ko‘nmabdi: «Optom narx!» Tanishimiz uyga kelib qarasa, sotuvchi uchta o‘rniga to‘rtta o‘rab berib yuborgan ekan. Xaridor ko‘p, shoshgan-da. Ertasi kuni tanishimiz ortiqcha ko‘ylakni egasiga olib boribdi va uning adashganini aytibdi. Shunda bilasizmi, juda noyob hodisa sodir bo‘libdi. Sotuvchi insofli xaridorga hayron boqib, «Shunday odamlar hali ham bor ekan-da!» deb ko‘ziga yosh olibdi. U moli qaytib kelganidan emas, noyob insoniy tuyg‘udan lol bo‘lgan. Uning ko‘ksidan otilib chiqqan sado jamiyatimiz kishilari uchun naqadar jiddiy eslatma, saboq. Axir, ishonchsiz yashab bo‘lmaydi-ku!
Oddiy odam qalbidagi vatan deganda bir insonni eslashim kerak. Surxonda Omon Bozorov degan bir muallim bor. Bir umr matematikadan saboq bergan. O‘quvchilari respublika olimpiadasiga chiqqan. Yuzlab shogirdlari turli sohalarda ishlab kelayapti. Farzandlari ham ilmli kishilar. Chindan ham hurmatga loyiq odam. Shu kishini kamida o‘n marta matbuotda yoritish uchun ruxsatini so‘radim. «Shogirdlaringiz faxrlanadi, yoshlar sizday bo‘lishga intiladi», dedim. Ammo u kishi ko‘nmadi. «Intiladigan shundayga ham intilaveradi. Gazetaga katta odamlar chiqadi. Biz mehnat qilgan bo‘lsak, oyligimizni olganmiz, ustama olganmiz. Bizni qo‘ying, shoir», deydi bu inson hamisha. Har sohaning Omon Bozorovlari bo‘lishi, yetishib chiqishi kerak. Vatanni ta’ma bilan sevib bo‘lmaydi. Onaga mehrni iddao qilmaydi-ku. O‘sha matematika bilimdonidan «Siz vatanga muhabbat deganda nimani tushunasiz?» deb so‘rab ko‘ring. U kishi hech bir jimjimalarsiz shunday deydi: «Biz bir oddiy o‘qituvchimiz. Bizga bunday qiyin savollarni bermang». Omon Bozorov chindan ham bu savolni qiyin, katta, muqaddas savol, deb biladi. Tanlovda ishtirok etayotgan qizchaday bo‘lib, Vatanim, men seni juda yaxshi ko‘raman, deb sayrab ketolmaydi.
– Yurt uchun fido bo‘lgan qahramonlarimiz siymosini ibrat sifatida qay darajada ko‘rsata oldik, deb hisoblaysiz?
– Adabiyotimiz, teatr va kinomiz, musiqamiz vatan yo‘lida fido bo‘lgan zotlarning qiyofasini tugal ko‘rsatib berolgani yo‘q. Bunga barchamiz haqdor, qarzdormiz. Amir Temurni oling. Tariximizda eng katta siyosiy shaxs. Amir Temursiz bisotimiz juda g‘arib. Ammo biz hanuz shunday muhtasham siymo haqidagi filmda tepalikdan yonayotgan balonni yumalatib o‘tiribmiz. Yana koreys serialidagi Jumongga, turk serialidagi kimgadir taqlid qilayotgan bolamizdan xafa bo‘lamiz. Qolganini qo‘yavering. Albatta, umid bor. Kinochilik sohasida ham tub o‘zgarishlar bo‘lishidan umidvormiz.
Ko‘z yumib bo‘lmaydigan bir haqiqat shuki, adabiyot rivojlanmasa teatr ham, kino ham, qo‘shiqchilik ham bir joyda depsinib turaveradi. G‘arbga, Sharqqa taqliddan nariga o‘tolmaydi. Ammo bugun yozuvchi yoki shoirga o‘quvchini tutib turish oson emas. Yigirmaga yaqin telekanal mavjud. Qanchadan-qancha ijtimoiy tarmoqlar ishlayapti. O‘tgan asrning 70-yillarida yilda bir-ikki marta ekranga chiqqan shoirni hamma tanib qolardi. Sanoqli gazeta-jurnallarning birida asari bosilgan yozuvchini odamlar bilar edi. Bugun zamon boshqa. Demak, ijod ahli ham shunga moslashishi kerak. Ammo ularga sharoit ham zarur. Masalan, kitoblar adadi oshishi kerak. Xalq ma’naviyatiga, ma’rifatiga xizmat qiladigan nashrlarning adadini o‘z holiga tashlab qo‘yib bo‘lmaydi. «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati», «Ma’rifat», «Tafakkur», «Jahon adabiyoti», «Yoshlik», «Sharq yulduzi», «Ma’naviy hayot» kabi gazeta-jurnallar o‘rnini Yevropa darajasida texnikalashib ketsak ham internet bosolmaydi. Axborot bilan intellektual ozuqaning farqi borligini, ularni yetkazish usuli, shakli boshqa-boshqa ekanini tushunishimiz zarur. Prezidentimizning «Har bir viloyatga bir million dona kitob yetkazilishi kerak», degan da’vatini, topshirig‘ini chinakamiga ado etishimiz zarur.
Biroq qanchalik mushkul bo‘lmasin, qalam ahli tamomila boshqacha tarzda o‘zini namoyon etishi kerak. Aks holda chinakam adabiyot o‘rnini yaltir-yultir bosib ketadi. O‘quvchi esa doim haq. Talabi adolatli.
– Harbiy xizmatda bo‘lganmisiz?
– Yo‘q.
– Nega?
– O‘qishga kirib qolganman. Qolaversa, o‘sha paytlar bu sohaga jiddiy qaramasdim. Ammo Sariosiyo tog‘larida bo‘lgan janglarda halok bo‘lgan askarlarimiz haqida eshitib, ularning oilasi bilan tanishgach va hayotning turli tovlanishlarini ko‘rgach, harbiylarga havasim ortgan. Hozir ham ularga havas qilaman. Kechasi bilan belgilangan ma’lum nuqtada turasan. Sening borliging tufayli odamlar osuda uxlayapti. Tinchlik degan so‘z ortida sening mardona hayoting turibdi. Havas qilsa arziydigan, ma’noli hayot. Ammo juda mushkul, buni his etaman.
– Ijodingizda qanday yangiliklar, qanday asarlar ustida ishlayapsiz?
– Podadan oldin chang chiqarma, degan gap bor-a... Qilayotgan ijodiy ishlarim ham sir bo‘lsin. Odamlar qo‘liga yetib borsa, kimningdir ko‘ngliga nur tashlab o‘tolsa, so‘ng gapirsak bo‘ladi. Muhimi, yozilayapti, muhimi – shu!
– Bayram arafasida tilaklaringiz...
– Avgustning oxirida viloyatga qilgan safardan kechasi soat ikkida keldim. Ikki-uch bekatcha joyga piyoda yurdim. Yoz kechasida miriqib uxlab yotgan uyimdagilar kelganimni sezmadi ham. Men ham ularning qatoriga qo‘shildim. Nima demoqchiman? Tinchlik, degani juda katta davlat. Buni ta’min etib turgan har bir o‘g‘lon murodiga yetsin. Uydan kulib chiqib ketgan askar o‘ziga yarashgan libosda, mo‘ylabi sabza urib uyiga omon qaytsin! Qolgani bo‘ladigan gaplar...
Islomjon QO‘ChQOROV suhbatlashdi
Manba: “O‘zbekiston armiyasi” jurnali