Oʻqituvchi kasbining mashaqqati va sharafi
Ertalab Guliston shahridagi Ahillik mahallasi hududidagi piyodalar yoʻlakchasidan tabassum, bilan maktab tomon shoshayotgan oʻquvchilar eʼtiborimni tortdi.
Ertalab Guliston shahridagi Ahillik mahallasi hududidagi piyodalar yoʻlakchasidan tabassum, bilan maktab tomon shoshayotgan oʻquvchilar eʼtiborimni tortdi. Qaysidir oʻquvchining qoʻlida guldasta, yana qaysiadadir kitoblar bogʻlami, boshqasi yaltiroq qogʻozga oʻralgan qanaqadir sovgʻa bilan... Ular oʻqituvchi va murabbiylar kuniga ustozlari uchun atalgan sovgʻalarini tezroq yetkazish uchun shoshadi.
Guliston shahridagi oʻzbek va rus tillarida saboq berilayotgan 11-umumtaʼlim maktabida 2 ming 14 nafar oʻquvchi tahsil olmoqda. Ular 132 nafar malakali pedagog taʼlim-tarbiya bermoqda.
Ushbu ilm oʻchogʻi eʼtiborimizni tortgani bejizga emas. Oʻtgan oʻquv yilida ushbu maktabni tamomlagan 70 dan ortiq bitiruvchining 40 nafarga yaqini mamlakatimiz va xorijdagi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotir. Mamlakatimizdagi maktablar reytingida oldingi oʻrinlarni egallagan. Muassasada Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbus boʻyicha ulkan ishlar amalga oshirilayotganini ham alohida taʼkidlab oʻtish lozim.
Maktabda oʻquvchi qizlarga toʻgarak mashgʻulotlari chogʻida bichuv-tikuvni, bundan tashqari, ayollar sartaroshligi qunt bilan bepul oʻrgatib kelinyapti.
Mahalla xotin-qizlari uchun ham ushbu yoʻnalishlarda pulli oʻqish kursi tashkil etilib, ushbu kasb oʻrgatilgach, ularga maxsus sertifikat berib borilmoqda.
Maktabda yoshlarga taʼlim-tarbiya berishda Sevara Karimqulova, Dilbar Tuyumbayeva, Liliya Seytumerova, Feruza Bahodirova, Nigora Qarshibayeva, Veronika Kan va boshqa koʻplab iqtidorli oʻqituvchilar hamkasblariga har jabhada oʻrnak boʻlib kelishmoqda.
Ushbu ilim dargohiga safarimiz chogʻida Oʻzbekiston Milliy gvardiyasi Sirdaryo viloyat qoʻriqlash boshqarmasi alohida otryadining bir guruh xizmatchilari ustozlarini bayram bilan qutlab, maktab oʻquvchilariga “Ustozga ehtirom” mavzusida saboq bergani kelishganiga ham guvoh boʻldik.
– Har bir kasbning oʻz sir-sinoati, qonun-qoidalari boʻlganidek, oʻqituvchilik kasbining ham oʻziga yarashi ogʻir va yengil tomonlari bor, – deydi maktab direktori Olimjon Mirbarotov. – Boshqa sohalar qatori bu kasb ham tinmay izlanishni, doimo oʻqib-oʻrganishni, qoʻyingki, zamon bilan hamnafas boʻlishni taqozo etadi. Bejizga oʻqituvchilikni sharafli va mashaqqatli kasb egalari deyishmaydi. Chunki mashaqqatli mehnat ortidan shon-sharaf keladi. Muallimga shogirdlarining maktab ostonasidan uchirma boʻlgach, egallagan kasb-kori, jamiyatda tutgan oʻrni, xalqiga, Vataniga koʻrsatayotgan xizmatlariga qarab baho beriladi. Oʻqituvchining 11 yil davomida chekkan mashaqqatlari, shogirdining erishgan zafarlari orqali sharaflidir.