Nyu-Dehlidagi mehmonxonada Markaziy Osiyodan kelgan sayyohlar halok bo‘ldi
Hindiston poytaxti Nyu-Dehli shahrining Malviya Nagar tumanida joylashgan mehmonxonada chorshanba kuni ertalab yirik yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda “India Today” nashri xabar bermoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida kamida 21 kishi halok bo‘lgan, 40 nafardan ortiq inson esa qutqaruvchilar tomonidan xavfsiz joyga evakuatsiya qilingan. Binoni qalin tutun qoplagani sababli ichkarida bo‘lganlar orasida katta sarosima yuzaga kelgan. Fojia sodir bo‘lgan “Flourish Stay B&B” mehmonxonasi Dehli hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan maxsus dastur doirasida rasmiy litsenziya asosida faoliyat yuritib kelgan.
“PTI” axborot agentligining xabar berishicha, halok bo‘lganlarning bir qismi chet el fuqarolari bo‘lib, ular asosan Markaziy Osiyo va Afrika davlatlaridan kelgan sayyohlardir. Jarohatlanganlarning ayrimlari shifoxonada og‘ir ahvolda qolmoqda. Shu bois qurbonlar soni yana ortishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.
Voqea joyidan olingan tasvirlarda ikki nafar ayol alanga va qop-qora tutundan qutulish maqsadida bino yuqori qavatidan pastga sakragani aks etgan. Ularning hozirgi sog‘lig‘i va ahvoli haqida aniq ma’lumot berilmagan. Huquq-tartibot idoralari yong‘in kelib chiqish sabablarini aniqlash bo‘yicha tergov harakatlarini boshlagan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA