Nuroniylarga ko‘krak nishonlari topshirildi
Jizzax shahridagi “Shohsaroy” majmuasida bezatilgan to‘kin dasturxon atrofida Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev faol nuroniylar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda mamlakat taraqqiyoti, jamiyatda barqarorlik va birdamlikni ta’minlashda nuroniylarning o‘rni beqiyos ekani alohida ta’kidlandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy etilgan “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni nuroniylarga bo‘lgan yuksak hurmat va e’tiborning amaliy ifodasidir.

Tadbir doirasida yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan va yoshlarni Vatanni sevish ruhida tarbiyalashda faol ishtirok etayotgan 58 nafar nuroniy “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Shuningdek, viloyatda nuroniylar faolligini oshirish va ularga har tomonlama yordam ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga alohida e’tibor qaratildi. Joriy yil davomida 21 mingdan ortiq nuroniyga amaliy yordam ko‘rsatildi. 13 ming 258 nafar fuqaro bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan, 3 ming 15 nafariga dori-darmon va oziq-ovqat tarqatilgan. Shuningdek, 761 nafar nuroniy sog‘lomlashtirish muassasalariga yuborilgan, 32 nafarining esa uy-joylari ta’mirlab berilgan.

“Nuroniy har bir oilaga mas’ul” va “Kambag‘allikdan farovonlik sari” loyihalari doirasida 600 dan ziyod nuroniy faol oilalarga biriktirilgan, shuning natijasida 800 ga yaqin muammoli masalalar o‘z yechimini topdi. Uchrashuv yakunida nuroniylar xizmati yana bir bor eslab o‘tildi, esdalik uchun suratga tushildi.
A.Qayumov,
J.Yorbekov (surat), O‘zA