Nurafshonlik yoshlar bilan uchrashuv
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi joylarda olib boriladigan saylovoldi tashviqot tadbirlarini katta qizg‘inlik bilan boshladi.
Shunday tadbirlardan biri Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nurafshon filialidagi yoshlar davrasida tashkil etildi. Unda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Hayitov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Viktor Pak, partiya viloyat Kengashi raisi To‘lqinjon Fayziyev, filial direktori Nurbek Nasrullayev, oliygoh professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlar qatnashdi.

“Va’da emas, natija. Ertaga emas, bugun” shiori ostida tashkil etilgan tadbirda dastlab oliygoh hovlisida o‘rnatilgan partiya chodiri atrofida xayrixoh bo‘lgan talaba-yoshlar bilan uchrashgan partiya yetakchisi Aktam Hayitov el-yurt taqdiriga befarq bo‘lmasdan, o‘zining mustahkam siyosiy pozitsiyasi va shijoati bilan mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida ishtirok etayotganliklari uchun minnatdorchilik bildirdi. O‘z navbatida partiya ham o‘zining kelgusi besh yillikdagi faoliyati mazmunini belgilab bergan muhim hujjatida ularga katta e’tibor qaratilgani ta’kidlandi.

Dasturda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida belgilab olingan vazifalar qatorida ular uchun maxsus uy-joylar qurish va har yili 1 mingta yosh oilaga imtiyozli ipoteka kreditlarini berish taklif etilayotganini bildirdi. Shuningdek, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish maqsadida har bir mahallada “Mustaqil rivojlanish” markazlari tashkil qilinishi partiyaning yoshlarga oid siyosatiga hamohang ekani aytildi. Oliy ta’lim maskani o‘quv xonalarida o‘tkazilgan uchrashuvda ham bu galgi parlament saylovlarida 5 maqsad – 500 vazifani o‘z ichiga qamrab olgan mutlaqo yangi strategiya bilan qatnashayotgan O‘zLiDePning keyingi maqsad va vazifalari, xalqchil g‘oyalari haqida so‘z yuritildi.
Xususan, partiya o‘z Saylovoldi dasturida kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida ham aniq maqsadlarni ko‘zlagani ta’kidlandi. Yakunda oliygoh hududidagi ko‘ngilli yoshlarga partiyaning saylovda ishtirokiga doir targ‘ibot varaqalari ulashildi.

A.Musayev,O‘zA.