Nurafshonda yangi ijtimoiy soha ob’ektlari ish boshladi
Toshkent viloyatining ma’muriy markazi bo‘lgan Nurafshon shahrida bir qator ijtimoiy soha ob’ektlari foydalanishda topshirildi.
Xususan, aholi salomatligini muhofaza qilish, shoshilinch tibbiy yordam sifatini oshirish hamda qon komponentlariga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qondirish maqsadida zamonaviy Qon quyish markazi ish boshladi.

Mazkur markaz 4 qavatli bo‘lib, qariyb 18 milliard so‘m mablag‘ evaziga barpo etilgan. Bino barcha zamonaviy talablarga javob beradigan infratuzilmaga ega. U hududdagi 22 ta tuman va shahar tibbiyot muassasalarini uzluksiz ravishda qon va uning komponentlari bilan ta’minlaydi.

— Yangi markazda qonni qayta ishlash, tayyorlash va zaxiralash jarayonlari to‘liq avtomatlashtirilgan bo‘lib, u xalqaro standartlarga mos zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan, — deydi Toshkent viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Feruza Rahmatullayeva. — Bu esa qon xavfsizligi va sifatini yuqori darajada ta’minlash imkonini beradi. Ayni paytda markazda 90 nafarga yaqin malakali tibbiyot xodimlari faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, 2 ta sayyor guruh hududlarga chiqib, donorlar qonini yig‘ish, aholi o‘rtasida donorlik harakatini keng targ‘ib qilishga qaratilgan turli aksiyalar va tushuntirish tadbirlarini amalga oshiradi.

Shuningdek, Nurafshon mahallasida 250 qatnovga mo‘ljallangan zamonaviy, 3 qavatli oilaviy poliklinika yangidan barpo etilib, foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda shahar hokimi Ilhom Qlichxanov mazkur tibbiyot muassasalarining ishga tushirilishi aholini zamonaviy va sifatli birlamchi tibbiy xizmatlar bilan ta’minlash imkoniyatlarini sezilarli darajada oshirishini alohida ta’kidladi.

Ushbu oilaviy poliklinika 16 ta mahallada istiqomat qiluvchi qariyb 60 ming nafarga yaqin aholiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega. Muassasada 273 nafar malakali tibbiyot xodimi hamda 27 ta tibbiyot brigadasi faoliyat yuritib, aholiga tezkor va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish ta’minlanmoqda.

Ma’lumki, davlat va jamiyat rivojida xususiy sektorning o‘rni muhim hisoblanadi. Nurafshon shahrida bu yo‘nalishda ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 4 milliard so‘m mablag‘ evaziga tadbirkor tomonidan barpo etilgan “Wonder Land” xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi. Ushbu loyiha hududda bolalarning bog‘chaga qamrovini oshirish borasida muhim qadam bo‘ldi.
Muassasa 80 nafar tarbiyalanuvchini qabul qilish quvvatiga ega bo‘lib, zamonaviy talablar asosida qurilgan hamda barcha kommunikatsiya tizimlari bilan ta’minlangan. Bog‘chada bolalar uchun ochiq suv havzasi, mini futbol maydoni va zamonaviy o‘yin maydonchalari yaratilgan. Ta’lim-tarbiya jarayoni o‘zbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi. Shuningdek, mental arifmetika, gimnastika, taekvondo, mini futbol va tennis kabi to‘garaklar faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan.
Hudud faollari mazkur bunyodkorlik ob’ektlarida bo‘lib, yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
A. Musayev, O‘zA