Nukusda milliy kurash bo‘yicha Osiyo kubogi davom etmoqda
FOTOREPORTAJ
Avval xabar qilinganidek, joriy yilning 22–25-may kunlari Nukus shahrida milliy kurash bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida Osiyo kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda.
Ushbu nufuzli sport tadbiri Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, O‘zbekiston Kurash federatsiyasi hamda Xalqaro kurash assotsiatsiyasi (IKA) hamkorligida tashkil etildi.
Musobaqada Saudiya Arabistoni, Singapur, Hindiston, Xitoy Taypeyi, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston, va O‘zbekiston kabi davlatlardan kuchli polvonlar ishtirok etmoqda. Bellashuvlar IKA qoidalariga muvofiq 5 ta erkaklar va 4 ta ayollar vazn toifasida o‘tkaziladi. Shuningdek, jamoaviy bahslar ham rejalashtirilgan.
Tadbirning birinchi kuni ishtirokchilar Nukus shahri temir yo‘l vokzalida tantanali kutib olindi hamda mehmonxonalarga joylashtirildi. Kechki dastur doirasida “Ramada” mehmonxonasida Osiyo kubogiga bag‘ishlangan matbuot anjumani, hakamlar va mandat komissiyasi yig‘ilishi hamda barcha vazn toifalari bo‘yicha rasmiy vazn o‘lchash jarayonlari o‘tkazilishi belgilandi.
Ikkinchi kuni ertalab musobaqa ishtirokchilari uchun madaniy dasturlar tashkil etildi. Jumladan, mehmonlar I.V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyida bo‘lib, u yerda saqlanayotgan noyob san’at asarlari hamda qoraqalpoq xalqining boy etnografik merosi bilan yaqindan tanishdilar.
[gallery-29604]
Shuningdek, delegatsiya Kurash mahorat maktabida bo‘lib, sportchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Tajribali polvonlar tomonidan yosh sportchilar bilan mahorat darslari o‘tkazilib, gilamda ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA