Noz-ne’matlar qishda ham mo‘l bo‘ladi
Qish fasli boshlangan bo‘lsa-da, bozorlarimizda sarxil meva va poliz mahsulotlarining mo‘l-ko‘lligidan ko‘z quvonadi.
Qish fasli boshlangan bo‘lsa-da, bozorlarimizda sarxil meva va poliz mahsulotlarining mo‘l-ko‘lligidan ko‘z quvonadi. Noz-ne’matlar bilan to‘la rastalarni oralar ekansiz, kayfiyatingiz ko‘tarilib, qalbingizda yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, to‘kin va farovon hayotga shukronalik hissi jo‘sh uradi.Davlatimiz rahbari Islom Karimovning 2009-yil 26-yanvardagi “Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish va ichki bozorni to‘ldirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish, oilalar farovonligini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Shu bilan birga, 2014-2015-yillar kuz-qish mavsumida bozorlarimizda narx-navoni mo‘tadil saqlash, uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun qishloq xo‘jalik mahsulotlari zaxirasini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Maktablar, maktabgacha ta’lim maskanlari, shifoxonalar va boshqa ijtimoiy soha muassasalari uchun meva-sabzavot va poliz mahsulotlarini jamg‘arish ishlari yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligidan ma’lum qilishlaricha, 2014-2015-yillar kuz-qish davrida aholining meva-sabzavot mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash uchun mamlakatimiz miqyosida 615 ming tonna zaxira yaratish zarur. Shu maqsadda ko‘plab tayyorlov, savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalarida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. “O‘zulgurjisavdoinvest” uyushmasi tomonidan ham bu borada salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
– Meva-sabzavot mahsulotlarini tayyorlash, saqlash hamda qish mavsumida ichki iste’mol bozorini barqaror ta’minlash uchun uyushmamizda barcha choralar ko‘rildi, – deydi “O‘zulgurjisavdoinvest” uyushmasi raisining o‘rinbosari Ravshan Hamidbekov. – Bozorlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining tanqisligi va narxlar oshishining oldini olish maqsadida sovutgichli omborxonalarda kerakli miqdorda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari jamg‘arildi. Ayni vaqtda bu ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Mahsulotlarni jamg‘arish, ularni sifatli saqlash uchun omborxonalar tegishli tartibda jihozlandi. Zero, tayyorlov-saqlov omborlari mavsumga talab darajasida shay qilinsa, aholini kelasi pishiqchilik mavsumiga qadar sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash imkoni yaratiladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 7-apreldagi “2011-2015-yillar davrida meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mavjud omborlarni rekonstruksiya qilish va zamonaviy sovutish uskunalari o‘rnatishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Unga ko‘ra, meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashni yanada ko‘paytirish maqsadida o‘tgan yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 47 ming tonnalik sig‘imga ega yangi omborxonalar qurilib, sovutgichlar modernizatsiya qilindi. Natijada zaxiraga qo‘yiladigan mahsulotlarni saqlashga ixtisoslashgan sig‘imlar 116 ming tonnaga, sovutgichli sig‘imlar 62 ming tonnaga yetkazildi.
– Mamlakatimizning barcha hududida maxsus omborlar qurilib, mahsulotlarni saqlash texnologiyasi takomillashtirilayotgani saqlanadigan meva-sabzavotlar turi va hajmi oshishida muhim omil bo‘lmoqda, – deydi “O‘zulgurjisavdoinvest” uyushmasining oziq-ovqat mahsulotlari boshqarmasi boshlig‘i Ne’matjon Ahmadjonov. – Uyushmamiz mahsulotlar zaxirasini yaratish bilan birga, uni yetishtirish bilan ham shug‘ullanmoqda. Misol uchun, oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlashni ko‘paytirish maqsadida chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, baliqchilik xo‘jaliklari tashkil etilib, 122 gektar intensiv bog‘ yaratildi. 800 gektardan ziyod maydonlarda qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirilmoqda.
Hozir uyushma tizimida to‘rt ming ikki yuzdan ziyod firma do‘koni, mini-market va supermarket faoliyat ko‘rsatayotir. Hududlarda yangi savdo korxonalari tashkil etilib, ularda aholiga xizmat ko‘rsatish hajmi tobora ortmoqda. O‘tgan yili Termiz shahrida, Denov, Zomin tumanlarida yirik supermarketlar ishga tushirildi. Joriy yilda chakana savdo tarmog‘ini yanada rivojlantirish uchun tog‘li, borish qiyin va olis qishloq joylarda yuzga yaqin firma do‘konini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Ko‘rilayotgan bunday puxta tayyorgarlik ishlari qish mavsumida bozorlarimizda noz-ne’matlar arzonligi va to‘kinligini ta’minlashga xizmat qiladi.