Noqonuniy qurilgan inshootlar buzilmoqda
Qish bo‘lsa-da, kunlar isib borayotgani bois, Andijonda xalqimizga xos an’analar – obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, tozalik ishlari boshlab yuborildi.
Andijon shahar hokimi Bahromjon Haydarov shahardagi Bog‘i Eram va Yangi hayot mahallalarida bo‘lib, ko‘cha va guzarlar, ko‘p qavatli uylar atrofidagi tozalov ishlari bilan tanishdi.
Shahar hokimi, mutasaddi rahbarlar hududda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan savdo do‘konlari egalari bilan uchrashib, noqonuniy qurilish ishlarini amalga oshirmaslik, yo‘l yoqalari, hududning obod va ozodaligini ta’minlash yuzasidan tavsiya va takliflar berdi.
[gallery-1063]
Tanishuv jarayonida ayrim tadbirkorlar tomonidan o‘zboshimchalik bilan ruxsatsiz qurib olingan inshootlarni olib tashlash kerakligi ta’kidlandi.
– Ba’zi bir tadbirkorlarimizning hech qanday ruxsatsiz, belgilangan talablarga javob bermaydigan ko‘rimsiz do‘konlar qurib olganligi nafaqat savdo-sotiq talablariga zid, balki ko‘chalarimiz ko‘rkini ham buzadi, – deydi “Yangi hayot” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Mansurbek Bahromov. – Shu bois, bu kabi salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik va mavjudlarini bartaraf etish bo‘yicha shahar hokimligi, sektor rahbarlari va keng jamoatchilik hamkorligida amaliy ishlar olib borilmoqda.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA