Noqonuniy olib kirilgan qurol aniqlandi
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining Buxoro aeroport chegara bojxona posti xodimlari tomonidan yurtimiz hududiga qurol olib kirishga uringan shaxs to‘xtatib qolindi.
Unda “Sheremetevo-Buxoro” yo‘nalishidagi aviareys orqali uchib kelgan fuqaro “yashil” yo‘lak orqali harakatlanish chog‘ida o‘zining xatti-harakatlari bilan bojxona xodimlarida shubha uyg‘otadi. Shundan so‘ng, mazkur fuqaroning qo‘l yuklari hamda kuzatib borilayotgan bagaji, rentgen apparati orqali bojxona nazoratidan o‘tkaziladi.

Natijada yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rovda ma’lum qilmagan “QUATTRO Trigger MOD 85” rusumli, 4,5 mm. kalibrli fuqaroviy pnevmatik ov quroli va prujina-porshenli vintovka borligi ma’lum bo‘ldi.
Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, birgina Buxoro aeroporti chegara bojxona posti xodimlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida 4 ta holatda qurol olib kirishga bo‘lgan urinishga chek qo‘yilgan.
Zarif Komilov, O‘zA