Noqonuniy ishlagan “uddaburon”larning siri fosh bo‘ldi
Sirdaryoda 9,2 milliard so‘mlik kripto-aktiv qurilmalaridan noqonuniy foydalanish holatiga chek qo‘yildi.
Mamlakatimiz iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash va yashirin iqtisodiyotga barham berish maqsadida bojxona organlari tomonidan tovar-moddiy boyliklarini noqonuniy olib kirilishiga qarshi tizimli ravishda kurash olib borilmoqda. Jumladan, Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi tezkor xodimlari tomonidan oldindan olingan tezkor ma’lumotlarga asosan, DXX, IIB va Milliy Gvardiya Sirdaryo viloyati boshqarmalari, Bosh prokuratura huzuridagi IJQK Departamenti xodimlari bilan hamkorlikda Xovos tumani hududida kripto-aktiv qurilmalaridan noqonuniy foydalanish holatini aniqlash borasida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tadbirda Xovos tumanida yashovchi O‘zbekiston fuqarosi E.D.ning yashash xonadoni yordamchi xo‘jalik binolari ko‘zdan kechirilganida O‘zbekiston fuqarosi X.I. kompyuter ehtiyot qismlaridan (videokarta, blok pitaniya, xotira kartasi, plata) qo‘lbola usulda yasalgan, katta hajmdagi kripto-aktiv qurilmalaridan litsenziyasiz noqonuniy ravishda shug‘ullanib kelayotganligi aniqlandi.
Shuningdek, tezkor tadbir davomida ushbu holat yuzasidan tuman elektr tarmoqlari korxonasidan mutaxassis ishtirokida elektr energiyasidan foydalanish holati o‘rganilganda qonunga xilof ravishda 265,2 million so‘m miqdorida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati aniqlanib, belgilangan tartibda mutaxassislar tomonidan dalolatnoma rasmiylashtirildi. Fuqaro E.D. va X.I.lardan 11 turdan iborat, jami 3529 dona, taxminiy qiymati 9,2 milliard so‘mlik kompyuter qurilmalari va boshqa turdagi tovar-moddiy boyliklari ashyoviy dalil sifatida vaqtincha saqlovga olingan.
Ushbu holat yuzasidan olib borilgan dastlabki tekshiruv va surishtiruv natijasida bunday noqonuniy faoliyatni Koreya davlati fuqarosi S.Y. va O‘zbekiston fuqarosi X.I.lar o‘zaro oldidan til biriktirib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasida Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari” to‘g‘risidagi qaror talablariga zid ravishda buzib faoliyat olib borayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Shuxrat Suyarov, O‘zA