Noqonuniy baliq ovlaganlarga chora ko‘rildi
Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi inspektorlari hamda viloyat Milliy gvardiya boshqarmasi xodimlari tomonidan O‘rta Chirchiq tumani O‘rtabo‘z mahallasi atrofidagi Toshkent suv ombori hududida noqonuniy baliq ovlashning oldini olish maqsadida nazorat reyd tadbirlari o‘tkazildi.
Avval ham bu joylarda qonunbuzarlik holatlari ko‘p bor uchragani haqida ma’lumotlar bo‘lgan edi. Ushbu tadbir davomida davlat inspektorlari noqonuniy tarzda baliq ovlayotgan huquqbuzarlarni aniqlab, ularning qilmishlariga chek qo‘ydi. Jumladan, tumanda yashovchi 1988 yili tug‘ilgan fuqaro S.Ch, 1991 yili tug‘ilgan fuqaro I.N va 2003 yili tug‘ilgan fuqaro N.J. tomonidan suv omborida maxsus to‘rlar bilan noqonuniy ravishda baliq ovlayotgan paytda ushlangan.

Inspektorlar holatni to‘liq o‘rganib, huquqbuzarlarning yonidan jami 116 dona 42 kilogramm vaznga teng bo‘lgan “Oq sila”, “Tovon”, “Zog‘ora” hamda “Oq qayroq” kabi baliqlar topildi. Ushbu fuqarolarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasi bilan bayonnoma rasmiylashtirildi.

Shuningdek, reyd davomida huquqbuzarlardan 3 dona qayiq hamda 2 ming metrdan ziyod to‘rlar holatga oydinlik kiritilganga qadar vaqtincha saqlash uchun Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi omborxonasiga joylashtirildi. Ushbu holatga qonuniy baho berish uchun hozirgi vaqtda to‘plangan hujjatlar O‘rta Chirchiq tumani Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudiga taqdim etish choralari ko‘rildi.


Joriy yil boshidan buyon noqonuniy baliq ovlashning oldini olish bo‘yicha 30ta huquqbuzarliklar aniqlangan bo‘lib, unda qonunbuzarlarga nisbatan tegishli choralar qo‘rilgan.
A.Musayev,O‘zA.