Nodavlat-notijorat tashkilotlar davlat ko‘makchisi
Urganch shahridagi “Do‘stlik va NNT uyi”da O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Xorazm viloyati hududiy bo‘linmasining xisobot-saylov konferensiyasi o‘tkazildi.
Konferensiyada O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi rahbariyati, Assotsiatsiya a’zolari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Unda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy Assotsiatsiyasi hududiy bo‘linmasining 2018-2020 yillar davomida amalga oshirgan ishlari hamda 2021 yildagi ustuvor vazifalari va Ustavga muvofiq, navbatdagi respublika hisobot-saylov konferensiyasiga Xorazm viloyatidan delegatlar saylash masalasi ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarining milliy Assotsiatsiyasi 2005 yilning may oyida ta’sis etilgan bo‘lib, faoliyatining asosiy maqsadi davlat va jamiyat qurilishining ustuvor vazifalarini amalga oshirish, erkin, ochiq va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishda jamoat tashkilotlarining tashkiliy va intellektual resurslari hamda sa’y-xarakatlarini birlashtirish va muvofiqlashtirish ishlariga qaratilgan.
Assotsiatsiya o‘z faoliyatini asosan xotin-qizlar va yoshlar, huquqiy, ekologiya, iqtisodiyot va ta’lim, sport-sog‘lomlashtirish kabi yo‘nalishlarda respublikamizning barcha hududlarida olib boradi.
– Hududiy bo‘linma eng avvalo, mamlakatni ijtimoiy, sotsial-iqtisodiy rivojlantirishning dolzarb masalalarini hal etishda NNTlar salohiyatini mustahkamlash, viloyatdagi davlat organlari boshqarmalari bilan samarali ijtimoiy sheriklik munosabatlarni o‘rnatgan, – deydi hududiy bo‘linma bosh koordinatori Rashida Masharipova. – bugungi kunda viloyatimizda adliya boshqarmasidan ro‘yxatdan o‘tgan 606 ta nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, fuqarolarga NNTlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va Nizomlarini ishlab chiqish tartib-taomillari xususida, NNTlar vakillariga o‘tkaziladigan tadbirlarni adliya organlari bilan kelishish, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Jamoat Fondi tomonidan e’lon kilingan davlat granti tanlovlarida ishtirok etish, amalga oshirilgan loyihalar yakunlari bo‘yicha hisobotlarni tayyorlash va taqdim etish masalalari bo‘yicha amaliy tavsiya va tushunchalar berib kelinmoqda.

So‘nggi yillarda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari va ular o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, shuningdek, ushbu sohani tartibga soluvchi huquqiy bazani takomillashtirish borasida izchil ishlar olib borildi.
Xususan, 2018-2020 yillar davomida Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan Xorazm viloyatidagi NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining jami 49 ta loyihasi va ijtimoiy buyurtmalarini 1 milliard 697 million so‘mga moliyalashtirilgan.
Konferensiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA