Nobudgarchilikka yo‘l qo‘yilmaydi
Joriy yilda 53 ming gektar maydonda mo‘l hosil yetishtirgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi g‘allakorlari o‘rim-yig‘im ishlariga kirishdi.
Joriy yilda 53 ming gektar maydonda mo‘l hosil yetishtirgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi g‘allakorlari o‘rim-yig‘im ishlariga kirishdi.
Qariyb 2500 fermer xo‘jaligi tomonidan yetishtirilgan rizq-ro‘zimizni nobudgarchiliklarsiz yig‘ishtirib olish, uni yong‘indan asrash yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilandi.
– Hosilni nest-nobud qilmay o‘rib-yanchib olish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, g‘allazor, xirmon va omborxonalarda, elevatorlarda yong‘inning oldini olish bo‘yicha puxta hozirlik ko‘rib qo‘yildi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Yelmurat Turdimuratov. – O‘rim-yig‘imda ishtirok etayotgan 200 kombaynning yong‘inga qarshi holati ko‘rikdan o‘tkazilib, birlamchi o‘t o‘chirish vositalari bilan to‘la ta’minlandi. G‘allani qayta ishlaydigan korxona va don qabul qilish shoxobchalarining yong‘inga qarshi holatini monitoring qilish chog‘ida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi. Ishchi-xizmatchilar, keng aholi orasida tushuntirish-targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
Donni qabul qilish, saqlash shoxobchalari va uni qayta ishlash korxonalari yong‘inga qarshi kurash va birlamchi o‘t o‘chirish vositalari bilan ta’minlandi.
G‘allani qabul qilish shoxobchalaridagi yer osti suv gidranti hamda hovuzlarning texnik holati ko‘zdan kechirilib, nosozliklar bartaraf etildi.
Nobudgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik maqsadida har bir shoxobchaga, o‘rim-yig‘im ishlari olib borayotgan 103 otryadga malakali yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlari biriktirildi.
Don qabul qilish shoxobchalari va g‘allani qayta ishlovchi korxonalarda favqulodda holatlarning oldini olish va yong‘inni bartaraf etish yuzasidan yong‘in o‘chirish o‘quv-taktik mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Amudaryo tumanida 215 fermer xo‘jaligi tomonidan 3 ming gektar maydonda yetishtirilgan hosil “Taxiatosh don mahsulotlari” ochiq aksiyadorlik jamiyatining “Mang‘itdon” filialiga qarashli “Qipchoq” don qabul qilish shoxobchasida g‘amlanmoqda.
– Mavsumga puxta taraddud ko‘rildi, – deydi shoxobcha rahbari Rajabboy Jumaboyev. – Uchta don saqlash omborxona ta’mirlanib, zararkunandalarga qarshi dorilandi. Yong‘inga qarshi kurash choralari ko‘rib qo‘yildi.
Orolbo‘yi g‘allazorlarida o‘rim-yig‘im ishlari boshlab yuborildi. Bu ishga Amudaryo, Beruniy, Ellikqal’a va To‘rtko‘l tumanlarida qizg‘in kirishildi. Qoraqalpog‘istonlik g‘allakorlar hosili o‘rib-yig‘ib olingan dalalarni peshma-pesh somondan tozalab, shudgor ishlarini ham olib bormoqda.