“NKMK” AJ: xalqaro hamkorlik samaralari
Germaniyaning “KFW IPyeX-Bank” delegatsiyasi amalga oshirilayotgan transformatsiya jarayonlari va ishlab chiqarish faoliyati bilan tanishish maqsadida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ ga tashrif buyurdi.
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJda kombinat rahbariyati va bank vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralarda erishilgan yutuqlar, istiqbolli rejalar, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish hamda avval erishilgan kelishuvlarni amalda tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki qadamlar 2022 yilning 3-4 noyabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilgan II O‘zbekiston iqtisodiy forumi doirasida qo‘yilgan edi. Mazkur forum yakunlariga ko‘ra “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ va “KFW IPyeX-Bank” o‘rtasida kombinatning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va modernizatsiya qilish, innovatsiyalarni joriy etish va energiya samaradorligini oshirish yo‘nalishlaridagi investitsiya loyihalarini xorijiy bank tomonidan 100 million yevro miqdorida moliyalashtirishni tashkil etishni nazarda tutuvchi memorandum imzolangan edi.
Shuningdek, xorijiy mehmonlar dunyodagi eng yirik oltin konlaridan biri “Muruntov” konida bo‘lishdi. Tashrif yakunida tomonlar kredit shartnomasining keyingi tartibi haqida kelishib oldi.
A.Bo‘riyev, O‘zA