Nizolarni hal etishda sud amaliyotidagi yondashuvlar
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudida ko‘p kvartirali uylardagi umumiy mol-mulkka egalik qilish, ulardan foydalanishda turar va noturar joy mulkdorlari hamda uy-joyni boshqarish organlari o‘rtasidagi munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar bo‘yicha seminar tashkil etildi.
Tadbirda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyalar, prokuratura mas’ul xodimlari, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, shuningdek, boshqaruv servis kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.
Seminar davomida ko‘p kvartirali uylarda yuzaga keladigan huquqiy nizolar, ularni o‘z vaqtida hal etishning ahamiyati, shuningdek, sudlar tomonidan qonunlarni bir xilda va adolatli qo‘llash masalalari muhokama qilindi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi raisining o‘rinbosari, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi A.Kerimbayev so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tashabbusi bilan tayyorlangan “Ko‘p kvartirali uylarda joylashgan turar va noturar joy mulkdorlari hamda uy-joyni boshqarish organlari o‘rtasidagi munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar bo‘yicha” amaliy qo‘llanmaning ahamiyatini alohida ta’kidladi. Qayd etilganidek, mazkur qo‘llanma sohadagi sud amaliyotini yaxshilash va turli talqinlarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining sudyalari tomonidan ishtirokchilarga mazkur qo‘llanmaning mazmun-mohiyati batafsil tushuntirildi. Jumladan, mulkdorlar va boshqaruv organlari o‘rtasidagi shartnomalar, ularni tuzish tartibi, taraflarning o‘zaro huquq va majburiyatlari, sudlarga kimlar va qanday asosda murojaat qilish mumkinligi, arizalar namunalari va lozim hujjatlar to‘g‘risida aniq ma’lumot berildi. Shuningdek, sud xarajatlari, davlat bojidan beriladigan imtiyozlar, da’volarni qabul qilish, qaytarish yoki rad etish asoslari haqida ham fikrlar bildirildi.
Seminar yakunida sohada yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, fuqarolar tomonidan bildirilayotgan haqli e’tirozlar va ularni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan choralar yuzasidan fikrlar almashinuvi bo‘lib o‘tdi.
Bunday amaliy tadbirlar ko‘p kvartirali uylardagi munosabatlarni huquqiy asosda tartibga solish, fuqarolarning manfaatlarini himoya qilish va sud amaliyotida yagona yondashuvni ta’minlashga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA