Niyati xolisning istagi ijobat bo‘ladi
To‘rt yillikning eng nufuzli sport musobaqasi bo‘lgan Tokio olimpiadasining tarixga aylanganiga ham 10 kundan oshdi. O‘zbekiston sport terma jamoalarida, federatsiyalarda uning yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishlar o‘tkazilmoqda. Erishilgan yutuqlar, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar sarhisob qilinmoqda. 2024 yili Parijda o‘tadigan navbatdagi olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik rejalari belgilanmoqda.
Shunday tadbirlardan biri O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasida o‘tkazildi. O‘zbekiston boks federatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan mazkur uchrashuv-suhbatda hududlarda mehnat qilayotgan boks murabbiylari va mutaxassislar, shuningdek, terma jamoa sportchilari qatnashdi.

Joriy yilning 13 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilgan O‘zbekiston sport delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuvda mamlakatimiz sport salohiyatini yuksaltirgan sportchilarning mardonavorligini alohida ta’kidlaganligi qayd etilib, shu bilan birga, kelgusi musobaqalarga munosib tayyorgarlik ko‘rish uchun sport mutasaddilari va murabbiylari oldida turgan ustuvor vazifalar, saralash musobaqalarini o‘tkazish tizimini yanada yaxshilash, iqtidorli sportchilarni terma jamoalarga jalb qilish borasidagi bir qator ishlar tanqidiy va tahliliy ko‘rib chiqildi.

Tokio bizga qanday saboq berdi?
Yurtimiz bokschilarining keyingi 5-6 yillikdagi xalqaro sport maydonlaridagi ishtirokiga nazar tashlasak, haqiqatan, “O‘zbek yulbarslari” oddiy xalqaro turnirdan jahon chempionatigacha, qit’a o‘yinlaridan olimpiya bahslarigacha bo‘lgan biron bir musobaqadan medalsiz qaytishmaganligiga guvoh bo‘lasiz. Albatta, har bir medalning ortida o‘nlab murabbiyu mutaxassislarning tinimsiz mehnati va izlanishi yotganligi nazarda tutilsa, umumiy holat yorqinroq ko‘zga tashlanadi. Yurtimiz bokschilari 2019 yili chet davlatlarda o‘tkazilgan musobaqalarda 75 ta oltin, 37 ta kumush va 76 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2020 yili epidemiologik vaziyatga qaramasdan 50 tadan ziyod umumiy medallar jamlanmasiga ega chiqishgandi.

E’tiborli jihati, mamlakatimizda yakkakurash sport turlaridan birinchilardan bo‘lib boksda 2018 yildan e’tiboran barcha toifadagi O‘zbekiston chempionatlari hududiy, mintaqaviy va respublika bosqichida o‘tkazish tizimiga o‘tkazila boshlandi. Natijada esa hozirgi kunda o‘smirlar, yoshlar va kattalar terma jamoalarining har bir vaznida kuchlilikka da’vogar bo‘lgan 4-5 nafardan iste’dodli yoshlar yetishib chiqishiga erishildi. Ayni tajribani mamlakatimizdagi boshqa sport turlari bo‘yicha o‘tkaziladigan birinchilik va chempionatlarga ham joriy etilsa, foydadan xoli bo‘lmaydi. Bu, birinchidan, sport turlariga chekka-chekka hududlardagi yoshlarni jalb qilishni oshiradi, ikkinchidan, iqtidorli va kuchli sportchilarni saralash tizimining samaradorligini ta’minlaydi.

Xo‘sh, shunday salohiyatga ega bo‘lgan boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining ayrim bokschilarini istisno qilgan holda qolgan charm qo‘lqop ustalarimiz Tokio olimpiadasida ko‘zlangan natijaga nega erisholmadi, degan savol berilishi tabiiy. Musobaqalarni bevosita kuzatish va olimpiya o‘yinlarining boks bahslariga tashlangan qur’a, kimning kim bilan ro‘baro‘ kelishi, buning oqibatida qaysi bir bokschi finalgacha “qulog‘idan tortib” olib chiqilganligi Tokio ringlarida yaqqolroq ko‘rindi. AIBA tayinlamagan hakamlarning bu “qiliqlari” sinchkov mutaxassislarning e’tiboridan chetda qolmadi, nazarimizda. Lekin “bir maqsad” yo‘lida harakat qilgan referilar alaloqibat o‘z vaziyatlarida maqsadlariga erishganligi bor haqiqat. Faqat Bahodir Jalolovgina e’tirozu ehtimollarga o‘rin qoldirmadi. Surxonning alpomish yigiti Olimp ringida nafaqat o‘zbek bokschilarining, butun boshli adolat qirg‘og‘ida bo‘ridan najot kutgan qo‘zichoqlardek xolislikka erisholmagan ko‘plab dunyo bokschilarining sha’nu shavkatini mardonavorlik bilan himoya qila oldi. Uning bu g‘alabasi qaysidir ma’noda Tokio ringida adolat va halollikning tantanasi bo‘ldi.

Milliy olimpiya qo‘mitasida o‘tkazilgan qizg‘in suhbatlarda ushbu masalalarga qisman javob berildi. Yetarli xulosalar chiqarildi. Eng muhimi, Tokio ringlaridagi murosasiz janglar, hakamlarning ayrim holatlarni “ko‘rmay qolishi” bundan keyingi xalqaro musobaqalarda, olimpiya o‘yinlarida sportchilarning nafaqat texnik-taktik usullarini takomillashtirish, ularning ruhiy quvvatini oshirish borasida ham zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish kerakligini o‘rgatdi bizga.
Parij olimpiadasida kimlar qatnashadi?
So‘zsiz kuchlilar. Ya’ni barcha musobaqalarda birinchi bo‘lgan, xalqaro musobaqalar tajribasini o‘zida mujassam etganlar. Bu haqda uchrashuvda so‘z yuritgan tajribali murabbiylar Qo‘ldosh Tojiboyev, Rahmatxon Ro‘zioxunov, To‘lqin Qilichev, Sharof Xudoyberdiyev, Istam Kabinovlar har bir sportchi Parij olimpiadasiga borishi mumkin, u Hasanboy Do‘smatov bo‘ladimi, Fazliddin G‘oyibnazarovmi yoki hali hech kim tanimagan, hozirda mamlakatimizning qaysidir hududida boks bilan shug‘ullanib yurgan yosh bokschimi, marhamat, O‘zbekiston chempionatining saralash bahslarida qatnashsin, yutsin, chempionlikka erishsin, terma jamoada o‘z salohiyatini namoyish qilsin, O‘zbekistonga hamisha kuchli bokschilar kerak, degan ma’noda fikr bildirishdi.
Haqiqatan, murabiy va mutaxassislar aytganidek, terma jamoa eshiklari kuchlilarga hamisha ochiq. Shu xususda so‘z yuritgan O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Sakent Polatov "Biz uchun bu masalada siz murabbiy va mutaxassislarning, umuman, barcha boks ishqibozlarining fikri juda muhim. Shu maqsadda boks federatsiyasida jamoatchilik kengashi tashkil etiladi ", deya ta’kidladi.
O‘z nabatida, boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi bo‘lgan Bahodir Jalolov, Rustam To‘laganov, Hasanboy Do‘smatov kabi bokschilar o‘z fikr-mulohazalarini izhor qilishdi.
Shuningdek, yig‘ilish davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Boksni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori ijrosini ta’minlash, joylarda boks bo‘yicha seleksiya ishlarini to‘g‘ri tashkil etish, musobaqalarni adolatli olib borish xususida atroflicha so‘z yuritildi.
“Sportda mayda narsaning o‘zi yo‘q”
Xabaringiz bor, joriy yilning 26 oktyabr – 6 noyabr kunlari Serbiya poytaxti Belgradda boks bo‘yicha navbatdagi jahon chempionati o‘tkaziladi. Uchrashuv va davra suhbatida mazkur nufuzli musobaqaga samarali tayyorgarlik ko‘rish masalasi ham muhokama qilindi.
Terma jamoa bosh murabbiyi Marat Qurbonov bugungi kungacha Belgradda o‘tadigan jahon chempionatida qatnashishi mumkin bo‘lgan terma jamoa a’zolarining ro‘yxati to‘liq shakllantirilganligi, yaqin kunlarda boshlanadigan o‘quv-yig‘inlar natijasida asosiy tarkib e’lon qilinishini bildirib o‘tdi.
Murabbiylarning fikricha, o‘tkaziladigan o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari, ichki chempionatlarda munosib ishtirok etgan bokschilar orasidan saralanganlar aynan ushbu jahon chempionati va kelgusi yili Xitoyda bo‘ladigan yozgi Osiyo o‘yinlarida Vatanimiz sharafini himoya qiladi. Ularning eng saralari esa 2024 yilgi Parij olimpiadasida qatnashishga da’vogarlik qilishadi.
Suhbatlar yakunida O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov olimpiya o‘yinlari nafaqat bokschilarimiz, barcha sport turlari vakillari uchun ham katta maktab bo‘lganligini aytib, "Tokio musobaqalari olimpiadaga tayyorgarlikni qaysi nuqtadan boshlab, qaysi chiziqda davom ettirishimizgacha bo‘lgan yo‘llarni ko‘rsatib berdi. Sportda mayda narsaning o‘zi yo‘q. Texnik-taktik tayyorgarlikka e’tibor qaratib, tibbiy va psixologik masalalarni unutib qo‘yish og‘ir oqibatlarga olib kelishini bahslar jarayonida kuzatdik. Prezidentimiz aytib o‘tganlaridek, Parij olimpiadasiga mutlaqo boshqacha tarzda, boshqacha formatda tayyorgarlik ko‘rmog‘imiz lozim”, deya iqtibos keltirdi.
Xalqaro ekspertlar “Tokio–2020”ni shu paytgacha bo‘lib o‘tgan o‘yinlar ichidagi eng ko‘p nohaqliklar ro‘y bergan olimpiada sifatida qayd etgan. Parij o‘yinlari boshlanishiga 3 yil muddat borligiga qaramasdan uning atrofidagi gap-so‘zlar hozirdan bolalamoqda. Xususan, “Parij–2024”ga kiritilgan va uning dasturidan olib tashlangan sport turlari masalasidagi tortishuvlar onlayn muloqotlar va yozishmalar “jangi”ga aylangan, bir qator davlatlar milliy terma jamoalarining sportchilarini, murabbiylarini ist’foga chiqargan va qaysidir murabbiy va sportchilar olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishdan voz kechayotgan bir paytda O‘zbekiston sportchilari ko‘hna qit’ada o‘tadigan o‘yinlarga hozirlikni sobitqadamlik bilan hamjihatlikda boshlamoqda.
Niyati xolisning istagi ijobat bo‘ladi, deganlaridek, Yangi O‘zbekistonning olovqalb yoshlari Tokiodagi nohaqliklarga Parij o‘yinlaridagi shiddati bilan javob beradi,deb ishonch bildiramiz. Buning uchun vaqt ham, imkoniyat ham yetarli. Muhimi, davlatimiz tomonidan zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Keyingi 3 yillik sport dovonida esa Vatan shuhratiga shuhrat qo‘shadigan sportchilarimizni “qaynoq”, bir-biridan-da shiddatli va murakkab sport musobaqalari kutib turibdi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA