Nishonda 100 gektar uzumzor barpo etiladi
Qashqadaryo viloyati Nishon tumani “Guliston” mahallasida 100 gektar maydonda zamonaviy uzumzor barpo etish ishlari boshlandi. Mazkur loyiha hududning tuproq-iqlim sharoitidan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish va eksport salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Uzumzor uchun yuqori hosildor, bozorbop va eksport talabiga javob beradigan navlar tanlanmoqda. Shu bilan birga, tomchilatib sug‘orish tizimi va zamonaviy agrotexnologiyani joriy etish orqali suv resurslaridan tejamkor foydalanish hamda hosildorlikni oshirish ko‘zda tutilgan.
Mazkur tashabbusdan ko‘zlangan yana bir maqsad – yangi ish o‘rinlari yaratish. Bog‘ barpo etish, ekinni parvarishlash, hosilni yig‘ishtirish, saqlash va qayta ishlash jarayonida mahalla aholisi uchun doimiy va mavsumiy bandlik imkoniyati yaratiladi. Natijada oilalar daromadi oshadi, hudud ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada rivojlanadi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, uzumchilik nafaqat yangi bozorlarni egallash, balki qayta ishlash sanoatini yo‘lga qo‘yishda ham muhim omil hisoblanadi. Uzumdan sharbat, mayiz kabi qo‘shimcha qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarish mumkin. Shu tariqa mahalliy tadbirkorlik yuksaladi.

Yurtimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligiga zamonaviy texnologiyani joriy etish, shu orqali yuqori samaradorlikka erishishga qaratilgan davlat siyosati amaliy natija bermoqda. “Guliston” mahallasida bunyod etilayotgan 100 gektarlik uzumzor ham ayni islohotning yorqin namunasi sifatida hudud iqtisodiy salohiyatini yuzaga chiqarishi shubhasiz. Qolaversa, yangi bog‘, samarali mehnat va ilg‘or texnologiya uyg‘unligi tufayli Nishon tumani uzumchilik sohasida ilg‘or hududlardan biriga aylanishi, yetishtirilayotgan mahsulot ichki va tashqi bozordan munosib o‘rin olishiga ishonamiz.
O‘zA