Nepalda yana sel: uylar, ko‘priklar oqdi
Nepalning markaziy qismida yuz bergan kuchli sel uy va ko‘priklar, gidroelektr stansiyasi infratuzilmasiga zarar yetkazdi. Harbiylar 49 kishini xavfli hududdan olib chiqqan, besh kishining taqdiri noma’lum.
Dastlabki taxminga ko‘ra, Gurxa tumanidagi Budxi-Gandaki daryosi yuqori oqimida ko‘chki sodir bo‘lib, sel hosil bo‘lgan. 4 ko‘prik, qariyb 20 ta uyni suv oqizib ketgan. Qurilayotgan suv-energetika inshooti hududidagi ishchilar qo‘nalg‘asi vayronaga aylangan. Mahalliy hokimiyat yo‘qolganlarni qidirishni davom ettiryapti.
Nepal hamon ikki oy avval Tibet bilan chegaradosh hududda yuz bergan halokatli sel va ko‘chki oqibatini bartaraf etish bilan band. O‘shanda minglab uy buzilgan, muhim energetika infratuzilmasi ishdan chiqqan, ko‘plab odam halok bo‘lgan yoki bedarak ketgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA