“Neftchi” “Nasaf” ustidan muhim g‘alaba qozondi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston superligasi 8-turining qoldirilgan uchrashuvida “Neftchi” Farg‘onada Qarshining “Nasaf” jamoasini qabul qilib, muhim g‘alabaga erishdi: 2-1.
O‘yinning 52-daqiqasida Toma Tabatadze penaltidan hisobni ochib, “Neftchi”ni oldinga olib chiqdi. 68-daqiqada “Nasaf” futbolchisi Azizbek Amonov hisobni tenglashtirdi. 84-daqiqada Toma Tabatadze jarima to‘pini kuchli zarba bilan muvaffaqiyatli amalga oshirib, jamoaga g‘alaba keltirdi.

Kecha bo‘lib o‘tgan uchrashuv bilan superliga birinchi davrasiga yakun yasaldi. O‘tkazilgan 13 uchrashuvning 6 tasida g‘alaba qozongan “Neftchi”, 7 uchrashuvda durang o‘ynab, ushbu mavsumni mag‘lubiyatsiz davom ettirayotgan yagona jamoa bo‘lib turibdi. 25 ochko jamg‘argan Levchenko shogirdlari, birinchi davrani uchinchi o‘rinda yakunlashdi.
M.Sulaymonov, O‘zA