Neft-gaz ob’ektlarida xavfsizlik talablariga rioya etilishi yuzasidan nazorat kuchaytirilmoqda
Ma’lumki, neft-gaz sohasida sanoat va ekologik xavfsizlikni ta’minlash, shuningdek, mehnatni muhofaza qilish talablariga qat’iy rioya etish ishlab chiqarish barqarorligi va xodimlar salomatligini asrashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shunday talabilar asosida “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan tizimga qarashli ob’ektlarda sanoat va ekologiya xavfsizligi, sog‘liqni muhofaza qilish hamda mehnat xavfsizligi talablariga rioya etilishi yuzasidan navbatdagi monitoring va nazorat tekshiruvlari o‘tkazildi.
Tekshiruvlar doirasida Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida faoliyat yuritayotgan Vodiy neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi, ochiq neft va gaz favvoralarining oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston harbiylashtirilgan qismi, shuningdek, “Andijon neft bazasi”, “Farg‘ona neft bazasi”, “To‘raqo‘rg‘on neft bazasi” MCHJlar hamda ular tasarrufidagi AYOQSHlardagi sanoat va mehnat xavfsizligi holati atroflicha o‘rganildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, ayrim korxonalarda belgilangan talablarga amal qilinayotgani qayd etildi. Xususan, Vodiy neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi hamda ochiq neft va gaz favvoralarining oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston harbiylashtirilgan qismida xavfsizlik qoidalariga rioya etilishi ta’minlangani ma’lum qilindi.
Jamiyat axborot xizmatining xabar berishicha, ayrim neft bazalari faoliyatida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlanib, 16 nafar xodim ogohlantirildi, 5 nafar xodimga nisbatan belgilangan tartibda choralar qo‘llanildi.
Tekshiruvlar davomida qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish, mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi talablarini yanada kuchaytirish yuzasidan mas’ul shaxslarga topshiriqlar berildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA