Nazorat qiluvchi organlarning 4 ming 370 nafar xodimi attestatsiyadan o‘tkazildi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda Biznes-ombudsman axborot xizmati rahbari Jamshid Hasanov sohaga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, tadbirkorlik sohasida davlat nazorati bilan bog‘liq katta hajmdagi ma’lumotlarni yig‘ish, va qayta ishlash imkonini beruvchi “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi ishga tushirilgan.
Mazkur tizim bilan tadbirkorlarda o‘tkazilgan va o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan tekshiruvlar haqida maxsus mobil ilova, telegram kanal va sms xabar orqali tegishli ma’lumotlarni olish imkoniyati yaratildi.
Tizim orqali tadbirkorlarda o‘tkazilgan tekshiruvlar bo‘yicha nazorat organi xodimining xatti-harakatiga baho berish va korrupsiya holatlari haqida xabar berish mumkin.
Qayd etilishicha, nazorat qiluvchi organlarning tadbirkorlar faoliyatini tekshirish huquqiga ega mansabdor shaxslari haqida ma’lumotlar shakllantirildi.Bu orqali tadbirkorlar nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxslarining tegishli ma’lumotlarini tizimga kiritish orqali ularni nazorat tadbirlarini o‘tkazishga vakolati bor yoki yo‘qligini aniqlashi mumkin bo‘ladi.
Tadbirkorlar faoliyatida tekshirishlarni o‘tkazuvchi xodimlarning malaka va professionallik darajasini baholash maqsadida, 22 ta nazorat qiluvchi organning 4 ming 370 nafar xodimi attestatsiyadan o‘tkazilib, ularning 3 ming 652 nafari (83,5 foizi) tadbirkorlar faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazishda yetarli malakaga ega deb topildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA