Nazariy bilimlar amaliyotda mustahkamlanadi
Navoiy yuridik texnikumining Yangi o‘quv-amaliyot bloki rekonstruksiya qilinib, o‘quvchilar ixtiyoriga topshirildi.
Unda xonalarning har biri innovatsion texnologiyalar asosida jihozlanib, endilikda o‘quvchilar nazariy bilimlarini amaliy mashg‘ulotlar yordamida mustahkamlaydi. Xususan, sud amaliyoti, davlat xizmatlarini ko‘rsatish, notarial harakatlarni rasmiylashtirish, kompyuter texnologiyalarini o‘zlashtirish xonalarida mazkur yo‘nalishdagi davlat organi, tashkilot va muassasalar muhiti aks ettirilgan.
– O‘quv dargohimizda tashkil etilgan innovatsion xonalar, men singari ko‘plab tengdoshlarimga huquqiy bilimlarimizni yanada oshirish uchun juda katta imkoniyat bo‘ldi, – deydi texnikum o‘quvchisi Sayfullo Sayfiddinov. – Masalan, sud amaliyoti xonasida sud protsesslarini to‘g‘ri tashkil etish, olib borish tartibi, adolatli qaror chiqarishdagi muhim jihatlarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘ramiz va jarayonda bevosita ishtirok etamiz. Boshqa innovatsion xonalar ham bizga ana shunday imkoniyatlarni beradi.
Navoiy viloyat yuridik texnikumida ham bugun 500 nafarga yakin o‘quvchi zamon talablari asosida tahsil olmoqda.
Yuridik texnikumlarida o‘qitish tizimi jahon standartlariga tenglashtirilib, o‘quv jarayonlari innovatsion texnologiyalar asosida olib borilishi kelajakda malakali mutuxassislar tayyorlashga xizmat qiladi.



Abduvali Bo‘riyev, O‘zA