Nazariy bilimlar amalda mustahkamlandi
Aholini zilzilaga tayyorlash haftaligi doirasida Sirdaryo viloyatining Shirin shahridagi "O‘zbekgidroenergo" AJ hamda "Farhod GES" filialida maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazildi.
Mashqlar uch bosqichda tashkil etildi. Tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishda ob’ekt fuqaro muhofazasi tuzilmalarining tuman Favqulodda vaziyatlar uchun ko‘maklashuvchi tizim xizmatlari bilan hamkorlikdagi harakatlari doirasida o‘tkazilgan mashqlarda yuqori malakali va tajribali mutaxassislar ishtirok etdi.


Mashqlarning dastlabki bosqichida boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, Shtab boshlig‘i Sh. Ernazarov tomonidan shaxsiy tarkib o‘rtasida saf ko‘rigi o‘tkazildi. Keyingi bosqichda esa ob’ekt fuqaro muhofazasi tuzilmalari jamoasi zilzila oqibatida vayronalar ostida qolib ketgan jabrlanganlarni qutqarish uchun amaliy harakatlarga kirishdi. Shirin shahrining tegishli xizmatlari bilan hamkorlikda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish va qutqaruvchi jamoalarning hamkorlikdagi harakatlari sinab ko‘rildi. Bu jarayonlarda maxsus ta’lim olish va har qanday favqulodda vaziyatga tezkor va samarali yo‘nalishda yondashishning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.


Sh. Ernazarovning ta’kidlashicha, tabiiy favqulodda vaziyatlar, ayniqsa zilzila kabi hodisalar, har qanday mamlakatning xavfsizligi uchun katta tahdiddir. Shuning uchun aholini tayyorlash va favqulodda vaziyatlarda faol harakat qilish uchun mutaxassislarning yordam ko‘rsatishga tayyor bo‘lishlari juda muhim. Ushbu tadbirning maqsadi ham nafaqat nazariy bilimlarni amaliy ko‘nikmalarga aylantirish, balki tizimga kiritilgan har bir xodimning zarur holatda qanday harakat qilishini aniqlashdan iborat.



G‘ulom PRIMOV, O‘zA muxbiri