Navro‘zning musiqiy sadolari
O‘zbekiston davlat konservatoriyasida “Navro‘z sadolari” milliy cholg‘ular, ko‘p ovozli ansambl va orkestrlari X Xalqaro festivalining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston davlat filarmoniyasi bosh direktori Anvar Tojiboyev, Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada instituti rektori Avaz Mansurov bunday ijodiy loyihalar musiqa san’atimizni yanada rivojlantirishda katta ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.

Darhaqiqat, bunday festivallar yangidan yangi iste’dod sohiblarini kashf etishga yo‘l ochib berishi, ijodkorlar o‘rtasidagi ijodiy muloqotning kengayishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Festival dasturiga ko‘ra, 25-26-mart kunlari barcha jamoalarning chiqishlari hakamlar hay’ati tomonidan baholab boriladi. Mazkur tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston Respublikalari hamda mamlakatimizning ko‘plab ansambl va orkestrlari ishtirok etmoqda.

Uning doirasida milliy cholg‘ular ko‘rgazmasi, dirijyorlik va cholg‘u ijrochiligi bo‘yicha mahorat saboqlari ham o‘tkaziladi.
Shuningdek, 26-mart kuni O‘zbekiston davlat filarmoniyasi qoshidagi “So‘g‘diyona” kamer orkestri va Germaniya davlatidan tashrif buyurgan Bad Vilbel kamer orkestri ishtirokida “Do‘stlik ko‘priklari” qo‘shma konserti ham tashkil etiladi.
27-mart kuni esa g‘oliblarni taqdirlash va yakuniy gala-konsert bo‘lib o‘tadi.
N.Usmonova, O‘zA