Navro‘z Ingichkadan boshlandi
Assalom, Navro‘z – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!
Bu yilgi bahor Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahri ahli uchun har qachongidan fayzli, barakali boshlandi.

Mart oyining dastlabki kunlarida, xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan shahar hokimi G.Alimova Prezident farmoniga ko‘ra, “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi. Xalqimiz, butun mamlakatimiz bu yilgi Navro‘z umumxalq bayramini yuksak saviyada nishonlashga qizg‘in hozirlik ko‘rayotgan bir paytda Samarqanddagi ilk bayram sayli Kattaqo‘rg‘onning Ingichka qo‘rg‘onida o‘tkazildi.

“Ingichka bahori”, deb nomlangan bayram saylida turli vazirlik va idoralari, viloyat tashkilotlaridan vakillar ishtirok etib, qo‘rg‘on ahlini yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi bilan tabrikladi.

Tadbirlar erta tongdan yoshlar ishtirokida “Salomatlik uchun 10 ming qadam” shiori ostida ommaviy yurish marafoni bilan boshlandi. Shuningdek, yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida harbiy texnikalar namoyishi va harbiylarning ko‘rgazmali jangovor chiqishlari uyushtirildi.

Hududdagi 12-umumiy o‘rta ta’lim maktabida shahar nuroniylari, faollar va yoshlarning “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri bo‘lib o‘tdi. Faxriylar ta’lim muassasasida o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoit bilan tanishdi, o‘qituvchilar bilan suhbatlashdi. Maktab o‘quvchilari tomonidan turli ko‘rgazmalar, milliy hunarmandchilik mahsulotlari namoyish etildi.
Shaharchada keyingi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijasida maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati ham yaxshilandi. Mavjud maktabgacha ta’lim muassasalari ta’mirlanib, yangilari barpo etildi. Jumladan, yangidan barpo etilgan 120 o‘ringa mo‘ljallangan 21-maktabgacha ta’lim tashkilotida ham bolajonlarning zamon talablari darajasida ta’lim-tarbiya olishlari uchun keng imkoniyatlar yaratildi.

“Obod mahalla” dasturi doirasida qo‘rg‘onchadagi “Nurobod” mahallasida keng ko‘lamdagi qurilish-obodonlashtirish ishlari olib borildi. Yo‘llarga asfalt yotqizilib, aholining elektr ta’minoti, suv, issiqlik tizimiga oid muammolari bartaraf etildi. Mahalla uchun yangi bino qurilib, foydalanishga topshirildi. Tadbir ishtirokchilari ushbu mahallada ham bo‘ldi.

“Ingichka bahori” bayram tadbiri davomida qo‘rg‘onchadagi Madaniyat saroyi maydonida sportchi yoshlarning chiqishlari, kurash va boshqa milliy sport musobaqalari, madaniyat bo‘limi jamoalarining folklor chiqishlari va milliy xalq o‘yinlari tashkil etildi. Mahallalar, korxona va tashkilotlar o‘rtasida bayram dasturxoni tanlovi, ingichkalik faxriylarni rag‘batlantirish marosimlari o‘tkazildi.

Bayram munosabati bilan Madaniyat saroyida katta konsert dasturi namoyish etildi.

Unda ishtirok etgan Prezident maslahatchisi T.Xudoyberganov, Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov Ingichka ahlini bayram bilan tabriklab, Navro‘zning insonlarni hamjihatlik, birdamlikka chorlovchi ezgu sifatlari haqida so‘z yuritdi.
G‘.Hasanov, O‘zA