NAVRO‘Z – 2021: Xonobodda Navro‘z sayli
Andijon viloyatining Xonobod shahrida Navro‘z sayli tantanalari bo‘lib o‘tdi.
Erta tongdan yangragan karnay-surnay sadolari, Dehqon bobo, Navro‘zoy va milliy libosdagi jarchilar barchani Navro‘zi olam bilan muborakbod etib, bayram shodiyonalariga chorladi.
Xonobod shahrining Xontog‘ adirliklarida viloyatning har bir tumani, boshqarma, korxona va tashkilotlari, muassasa va mahallalari tomonidan o‘ziga xos maydon va sahnalar tayyorlanib, bayramona, bahoriy tarzda bezatildi.
Keng jamoatchilik vakillari, faxriylar, yurtimizning turli viloyatlaridan kelgan mehmonlar, sayyohlar ishtirok etgan bayram sayli barchaga xush kayfiyat ulashdi.
Bahoriy taomlar, milliy va hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmalari, teatr jamoalari, turli ansambllar, dorbozlar, askiyachilar, jajji bolajonlarning chiqishlari bayram tantanalariga o‘zgacha fayz kiritdi.
– Xontog‘ tog‘i etagida joylashgan so‘lim Xonobod shahrida o‘tkazilgan bu yilgi Navro‘z bayrami xalq sayli tarzida yanada shukuhli, milliy qadriyatlarimiz aks etgan holda o‘tkazilmoqda, – deydi Qorasuv shahar hokimi Odiljon Holmatov. – Xalq o‘yinlari, folklor san’atining eng yaxshi namunalari, sho‘x qo‘shiq va laparlar bahorni, Navro‘zni sog‘ingan dillarga xushnudlik baxsh etdi.
Dengiz satxidan 750-800 metr balandlikda, Qoradaryoning o‘ng sohilida joylashgan Xonobod shahri o‘zining ko‘rkam manzarasi, tabiatining go‘zalligi, toza havosi bilan sayyohlarning diqqatini o‘ziga jalb qila oladigan yurtimizning eng obod hududlaridan biridir.
Prezidentimiz Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida Xonobod shahrini yanada rivojlantirish yuzasidan fikr bildirib, “Xonobod yaqin yillarda ham respublikamizning eng go‘zal maskanlaridan biri edi. Endi u o‘zining avvalgi shuhratini qaytarishi lozim”, deb ta’kidlagandi.
– Davlatimiz rahbarining fikrlari bugun hayotda o‘z ifodasini topmoqda, – deydi Xonobod shahar hokimi Mash’albek Tojiboyev – O‘tgan qisqa muddatda shaharda ulkan qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Jumladan, umumiy loyiha qiymati 120 milliard so‘m bo‘lgan “Xonobod” sihatgohi ishga tushdi. Shaharning eng yuqori nuqtasi – Xontog‘da yangi charxpalak o‘rnatildi, bir kilometrlik osma yo‘l (kanatnыy doroga) rekonstruksiya qilinib, yangicha qiyofa kasb etdi. Shuningdek, 3 ming nafar sayyohga mo‘ljallangan 1 mingdan ortiq dam olish uylari, qator mehmonxonalar, savdo, xizmat ko‘rsatish va umumiy ovqatlanish inshootlari barpo etildi.
Umuman, shaharda yiliga 500 ming kishi hordiq chiqarishi uchun turli ko‘ngilochar va dam olish maskanlarini barpo etish bo‘yicha ishlar ketmoqda. Bundan tashqari, Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i kapital ta’mirlandi, yangi-yangi attraksionlar o‘rnatildi, turli ko‘ngilochar va dam olish ob’ektlari qurildi.
Navro‘z sayli tadbirlari, saxnalarda namoyish etilgan badiiy dasturlar, dorbozlarning chiqishlari ishtirokchilar, ayniqsa, yoshlarga ko‘tarinkilik va xush kayfiyat ulashdi.
– Tobora yuksalib, obod bo‘lib borayotgan yurtimizga faqat bayramlar yarashadi, – deydi Asaka tumani Yangi sor mahallasida yashovchi, mehnat faxriysi, “Mo‘’tabar ayol” nishoni sohibasi E’zozxon aya Madaminova.– bugungi bayramga butun mahalladoshlarimiz bilan keldik. Qiziqchi va san’atkorlarning chiqishlaridan miriqib dam oldik. Tinch va farovon hayotimizga aslo ko‘z tegmasin.
Toshkent davlat sirki jamoasining, ya’ni dobozlar, polvonlar, janglor va masharabozlar, shuningdek, hayvon o‘rgatuvchilarning chiqishlari barchada katta qiziqish uyg‘otdi.
Bo‘ston tumani xalq ta’limi bo‘limi, tumandagi umumta’lim maktablari jamoalari tomonidan namoyish etilgan saxna ko‘rinishlari, ijro etilgan sho‘x kuy va qo‘shiqlar tadbir mehmonlarini befarq qoldirmadi.
– Tumanimizdagi 30 ta umumta’lim maktabida 14 ming nafarga yaqin o‘quvchi tahsil oladi, – deydi Bo‘ston tumani xalq ta’limi bo‘limi mudirasi Yulduzxon Turdaliyeva. – Tumanimizda ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, o‘quvchilarning puxta bilim olishi, ayniqsa, ijodkor, iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi. bugungi Navro‘z sayli tadbirlarida maktablarning musiqa o‘qituvchilaridan tashkil topgan badiiy jamoa tomonidan ijro etilgan yor-yor va laparlarni mehmonlar olqishlar bilan kutib oldi.
Tuman va shaharlar mahallalari jamoalari tomonidan namoyish etilgan milliy va bahoriy taomlar ko‘rgazmalari, doshqozonlarda tayyorlangan sumalak yurtimizdagi to‘kinlik, fayzu barakaning nishonasi bo‘ldi.
– Mahallamizdagi mingga yaqin oila tarkibida 3 ming 800 nafardan ziyod aholi yashaydi, – deydi Qorasuv shahridagi Mirzo Ulug‘bek mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Kamol Abdurahmonov. – Mahalla hududida 2 ta umumta’lim maktabi, 2 ta bog‘cha, kasb-hunar markazi joylashgan. Mahallamizning tinchlik-osoyishtaligi, ko‘cha va guzarlarimiz obodligi mahalla ahlining hamjihatligi, mehnatsevarligining samarasidir.
Izboskan tumani vakillari tomonidan tayyorlangan sahna kompozitsiyasi, badiiy jamoalarning o‘ziga xos chiqishlari barchada katta taassurot qoldirdi.
– Jamoamiz o‘z repertuaridagi milliy, mumtoz kuy va qo‘shiqlar, jozibador raqslar bilan sayl ishtirokchilariga xushnudlik ulashmoqda, - deydi Izboskan tumanidagi “Oltin soz” ashula va raqs xalq ansambli rahbari Komiljon Qo‘chqorov. – Ochig‘i, tabiat qo‘ynida, adirliklar bag‘rida bo‘lib o‘tayotgan Navro‘z sayli chindanda har bir qatnashchi qalbiga unutilmas taassurotlar bilan muhrlanmoqda.
Bayram shodiyonalarida viloyatda yashayotgan qirg‘iz, rus, koreys, uyg‘ur va boshqa turli millat vakillari ham o‘z an’ana va urf-odatlari namoyishi bilan ishtirok etdi.
– Uzoq yillar mudofaa bo‘limi tizimida ishlab nafaqaga chiqqanman, - deydi Xonobod shahrining Fitrat mahallasida yashovchi Malikaxon opa Qurbonova. – Millatim qirg‘iz bo‘lsa-da, o‘zimni shu yurt farzandi, deb bilaman, o‘zimni shu yurtdan ayro tasavvur qila olmayman. Bugun qo‘ni-qo‘shnilarim bilan nabiralarimizni olib Navro‘z sayliga tashrif buyurdik. Nabiralarimiz, umuman, sayldagi yoshlar, farzandlarimiz quvonchini ko‘rib, ko‘nglimiz tog‘day ko‘tarildi.
Har bir jamoa, har bir mahalla tomonidan tayyorlangan milliy taom – palov, sumalak bayram ishtirokchilari va mehmonlarga ulashildi.
Navro‘z sayli tadbirida viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirok etib, har bir tuman, har bir jamoaning bayram ko‘rgazmalari bilan tanishib chiqdi, ularini Navro‘zi olam bilan muborakbod etdi.
Navro‘z sayli tadbirlari davomida karantin qoidalariga amal qilish yuzasidan zarur choralar ko‘rildi.
Yuqori ko‘tarinkilik bilan o‘tgan Navro‘z sayli shodiyonalari andijonliklar qalbida Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarimizga hurmat, o‘zlikni anglash, ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Navro‘z bayrami shodiyonalari Andijonning barcha shahar va qishloqlarida ko‘tarinkilik bilan davom etmoqda.
[gallery-1673]
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umurzoqov (surat),
O‘zA