Navoiyning mangu sabog‘i
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida bobomiz Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, Yozuvchilar uyushmasi hamda Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi hamkorligidagi ushbu tadbir buyuk mutafakkir bobomizning adabiy, ilmiy merosini o‘rganish masalalariga bag‘ishlangan respublika anjumanining 66-yig‘ilishi sifatida tashkil etildi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, sharqshunos olim Bahrom Abduhalimov, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori, professor Nizomiddin Mahmudov, Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, iste’dodli shoir Nodir Jonuzoq va boshqalar Alisher Navoiy merosini o‘rganishga bo‘lgan e’tibor tobora ortib borayotganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 19 oktyabrda qabul qilgan “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori asosida shu kunlarda daho bobomizning tavallud ayyomi baland ruhda bayram qilinmoqda.
Ayni paytda shoir asarlarini mukammal tadqiq etish, kitob holida chop etish, uning xorijiy mamlakatlardagi qo‘lyozmalarining faksimile nusxalarini yurtimizga olib kelish bo‘yicha ham muayyan ishlar olib borilmoqda. Prezidentimizning 2021 yil 4 fevralda qabul qilingan “Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bobomiz merosini kengroq o‘rganish, targ‘ib etishda yangi imkoniyatlarni ochishi tayin.
– Aslida bahor fevraldan, Alisher Navoiy tavallud ayyomi nishonlanishi arafasida boshlanadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi, – dedi Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Nodir Jonuzoq. – Negaki, Navoiy tavallud kunlariga tayyorgarlikdan boshlab ko‘pchilikda jonlanish paydo bo‘ladi. Ulug‘ mutafakkir bobomiz turkiy madaniyatning, o‘zbek tili, adabiyotining, ma’naviyatining bahorini boshlab bergan ijodkordir. Bugun yurtimizda kechayotgan yangilanish jarayonlari Navoiy ulug‘lagan g‘oyalarga hamohangdir. Shu bilan birga, global dunyoda ro‘y berayotgan voqea va hodisalar, mavjud muammolar endilikda jahon Alisher Navoiyga nechog‘li katta ehtiyoj sezayotganini ko‘rsatmoqda. Sababi, ularning yechimi Navoiy asarlarida aks etgan. Bugun yurtda moddiy kambag‘allikni bartaraf etish yo‘lida amaliy ishlar olib borilmoqda. Shu bilan birga, ma’naviy qashshoqlikni yengish ham muhimdir. “Halollik vaksinasi” – ezgulik, rostgo‘ylik, odamiylik sabog‘i aynan Alisher Navoiy asarlarida mujassam ekani e’tiborga molikdir.
– Navoiy ijodiga munosabat nainki adabiyot, san’at, ilm-ma’rifat, fanga, balki Vatanga, millatga bo‘lgan munosabatda ham aks etadi, – dedi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti professori, navoiyshunos olim Ibrohim Haqqul. – Shu sababli ham bobomizga bag‘ishlangan tadbirlar o‘zgacha ruhda o‘tmog‘i kerak. O‘z, o‘zlik, men, menlik kabi masalalar Sharqda o‘ziga xos mohiyat kasb etadi. Ma’lumki, insoniyat o‘zining qabihligi, yovuzligi, ojizligini anglagunicha ko‘p adashgan. Tasavvuf va tariqat peshvolari barcha yomonliklarning ildizi nafs ekanini ko‘p aytishgan. Alisher Navoiy ham o‘zlikka yo‘lni axloqiy tozalik, ma’naviy yetuklik sari eltuvchi eng og‘ir yo‘l, deb aytadi. O‘zlik yukini yengillatishni Yaratgan sari borish bilan bog‘laydi. O‘zligidan kuch-quvvat ololmagan kimsa borliqdan, hech narsadan ilhomlana olmaydi. Bugun yangicha tafakkurli shaxs haqida ko‘p aytilmoqda. Nazarimda yangicha tafakkurli shaxsning shakllanishi mumtoz adabiyotda, Navoiy asarlarida mujassam.
– Shu kunlarda butun dunyoda Navoiy tavalludnining 580 yilligi keng nishonlanmoqda, – dedi adabiyotshunos olim Hamidulla Boltaboyev. – Navoiyning she’riyat gulshani, uning adabiy merosi o‘z xizmati, ezgu missiyasini ham davom ettirmoqda. 580 yil o‘tsa hamki, bu merosning ohori, ahamiyati, dolzarbligi hamon saqlangan. Bobomizni naikni shoir, balki ulug‘ adabiyotshunos olim sifatida ham o‘rganmog‘imiz darkor. Bu jihatlar allomaning “Majolis un-nafois”, “Mezon ul-avzon”, “Nasoyim ul-muhabbat” singari bebaho asarlarida yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Jonli, ham masofaviy shaklda o‘tkazilgan yig‘ilishda Ozarbayjon, Tojikiston olimlari ham Navoiy ijodiga, ibratli faoliyatiga oid o‘z fikrlarini bildirdilar. Jumladan, ozarbayjonlik navoiyshunos olima, professor Olmosxonim Ulviy Navoiyning «Lison ut-tayr» asari haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirar ekan, alloma bobomizdan har qancha dars olsa arzirli ekanini ta’kidladi. Komil inson mavzusi ustuvor bo‘lgan bu asarlar hamon dolzarb, teran falsafaga yo‘g‘rilgani bilan qimmatlidir.
Qiziqarli adabiy anjuman tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda Alisher Navoiy ijodiyotining serqirra jihatlari xususida batafsil so‘z yuritildi. Mumtoz kuy-qo‘shiqlar yangradi.
Nazokat USMONOVA, O‘zA