Navoiyni anglash – o‘zlikni anglash demakdir!
Navoiyni anglash – o‘zlikni anglash demakdir!
Navoiyshunos adiblarimiz shoir adabiy merosining o‘rganilmagan qirralarini kashf etish, asarlarini asl holicha tadqiq etish va xalqimizga yetkazish maqsadida keng ko‘lamli izlanishlarni amalga oshirmoqdalar.
Bunday tadqiqotlar natijasida navoiyshunoslikka oid ko‘plab monografiya, risola, maqola va ilmiy-ommabop materiallar chop etib kitobxonlarimiz e’tiboriga havola etib kelishmoqda.
Hayotida bir marta bo‘lsin, Navoiy ijodidan tinglamagan, bir misra bo‘lsin g‘azal yoki ruboiysini yodlamagan, eng muhimi, unda bitilgan hikmatlarga amal qilish haqida o‘ylab ko‘rmagan o‘zbek yigiti yoki qizini topish mushkul.
Darhaqiqat, Alisher Navoiy nafaqat shoir balki, davlat arbobi sifatida bor kuch va g‘ayratini mamlakatda tinchlik va osoyishtalik o‘rnatishga qaratdi. Vaqf ishlarini tartibga soldi. Shaharlarda sohibkorlik, savdo-sotiq, hunarmandchilikni rivojlantirishga katta e’tibor berdi. Navoiy sa’y-harakati bilan qishloqlarda dehqonchilik madaniyati o‘sib bordi. Shaharlar, xususan Hirot kun sayin obod bo‘ldi.
U o‘z davridagi adolatsizlikka, nohaqlikka qarshi kurashdi, amaldorlarning o‘z vazifalarini suiiste’mol qilishlarini va tama’girliklarini fosh etdi, ojiz, kambag‘al va muhtoj kishilarni o‘z himoyasiga oldi.
Sulton Husayn Boyqaro podshohlik qilgan, Alisher Navoiy hukumatda bosh vazir bo‘lgan paytlarda hech bir mamlakatga qarshi bosqinchilik urushlari olib borilmadi.
Bosh vazir Alisher Navoiy o‘z faoliyatida ijtimoiy-siyosiy masalalarni to‘g‘ri hal etishga intilish, jamiyatdagi barcha ijtimoiy qatlamlarga, barcha qavmlarga bir xil munosabatda bo‘lish, hech birini kamsitmaslik, barchaning manfaatiga barobar xizmat qiladigan jamoat binolarini qurishga alohida e’tibor berdi.
Shoir asarlarida yurt ravnaqi, osuda va farovon hayot, jamiyatdagi barqarorlik, o‘zaro totuvlik va ahillik, mehr-oqibat muhitini asrab-avaylashdek ezgu g‘oyalar mujassam. Mana ulardan yana biri:
Odamiy ersang, demagil odami,
Onikim, yo‘q xalq g‘amidin g‘ami»
ushbu hikmatni o‘zining hayot qoidasiga aylantirgan bobomiz Alisher Navoiy ham, «Bori elga yaxshilig‘ qilg‘ilki, mundin yaxshi yo‘q», deya yaxshilik qilishni o‘z odatiga aylantirgan Zahiriddin Muhammad Bobur ham oddiy insonlar bilan doimiy muloqotda bo‘lib, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishni hayot mazmuni, oliy maqsadlari deb bilishgan.
Agar chuqur e’tibor qaratsak, Alisher Navoiy asarlarida ulug‘langan sa’y-harakatlar bugun yurtimizda qabul qilinayotgan Davlat dasturlarida to‘la namoyon.
Jumladan, 2017 yildan boshlab mahalliy davlat hokimiyati, prokuratura va ichki ishlar organlari rahbarlarining aholi oldida hisobot berish tizimi joriy etildi. Barcha davlat idoralari faoliyatida xalq bilan muloqot, aholi murojaatlari bilan ishlashning sifat jihatdan mutlaqo yangi tizimiga o‘tilib, «Xalq qabulxonalari» faoliyat yuritmoqda, qisqa qilib aytganda, xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilmoqda.
Alloma o‘z hikmatlarida ta’lim-tarbiyali, odobli, go‘zal fe’l-atvorli bo‘lish ma’naviy kamolotga erishishning asosi ekani, bu sifatlarga ega jamiyatda tinchlik, farovonlik, millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik, obodlik bo‘lishini ta’riflagan.
Hazrat Navoiy talqinida oila ma’naviyat o‘chog‘iga, ota-ona esa shu o‘choqni mehri bilan isituvchi mash’alaga o‘xshatilishi bejiz emas. Axir onaning ma’naviyati yuksak bo‘lsa, tug‘ilajak go‘dak tarbiyasiga ta’sir etadi. Ona allasi, ota mehri bola qalbida oilaga, aka-uka, Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat tuyg‘ularini shakllantiradi.
Bugun yurtimizda o‘g‘il-qizlarga kasb-hunar sirlarini o‘rgatish, salomatligini mustahkamlash, oila va jamiyatdagi rolini kuchaytirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.
Navoiy asarlarida o‘z aksini topgan mehr-muhabbat, xayr-saxovat kabi umrboqiy g‘oyalar asrlar osha insoniyatni o‘zaro hamjihatlik va ezgulikka da’vat etib kelmoqda.
Inson va uning taqdiri, hayoti, orzu-maqsadlari Navoiy hayoti va ijodining markazida bo‘ldi. Asarlarining zamirida insonni ulug‘lash, uning qadr-qimmatini o‘rniga qo‘yish, e’zozlash hamma narsadan ustun ekanligini quyidagi misradan ham bilishimiz mumkin:
Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay.
Barchamizga ma’lumki, koronavirus pandemiyasi sababli bir qancha kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalar o‘z daromadlari, ish o‘rinlarini yo‘qotishdi, qolaversa mamlakatimizda bo‘lgan tabiiy ofatlar ko‘plab insonlarning turmush sharoitlarining og‘irlashishiga olib keldi.
Mana shunday qiyin va sinovli davrlarda Yurtboshimiz tashabbuslari bilan barcha tuman va shaharlarda «Saxovat umumxalq» harakati tashkil etildi «Temir daftari», «Ayollar va yoshlar daftarlari» ochilib ehtiyojmand oilalar ro‘yxati shakllantirildi va ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish tizimli yo‘lga qo‘yildi.
Muxtasar aytganda, «Insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash - odamiylikning eng oliy mezonidir» deya aytilgan so‘zlar mamlakatimizda hayotbaxsh shiorga aylandi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmadi.
Abror Latipov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Navoiy viloyat filiali inson resurslari va kadrlar salohiyatini rivojlantirish bo‘limi bosh inspektori