Navoiydan navo topgan olim
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob
Taniqli adabiyotshunos olim Nusratullo Jumaxo‘ja do‘stlarining dil so‘zlari bitilgan “Navoiydan navo topgan olim” kitobi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashrdan chiqdi.
Alisher Navoiy ijodi tadqiqotchisi, yetuk adabiyotshunos olim, munaqqid, filologiya fanlari doktori, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori Nusratullo Jumaxo‘ja tavalludining 70 yilligi munosabati bilan tartib berilgan ushbu kitobga olimning zamondoshlari, ustozu shogirdlarining e’tiroflari, uning ilmiy-ijodiy, ma’rifiy faoliyatiga bag‘ishlangan tahliliy maqolalar kiritilgan.
“Adabiyot tarixining o‘ziga xos nozik jihatlarini o‘rganib, mumtoz manbalarimizni tahlil qilishda uning o‘z o‘rni, betakror uslubi bor. U kishini g‘oyiban o‘tgan asrning 80-yillaridan taniy boshlaganman. Matbuotda e’lon qilingan maqolalarini qiziqish bilan o‘qirdim. Har bir maqolada bir yangi gap, yangicha qarash va o‘ziga xos individual tanqidiy yondashuv bo‘lardi. Ilm yo‘lida o‘z qarashlarini himoya qilar ekan, “beting-yuzing” demay, dilidagini shart-shurt aytib qo‘ya qolardi. Ba’zan katta olimlardan dakki yesa va muhokamaga tushsa ham, o‘z nuqtai nazaridan qaytmas, ilmiy haqiqatlar uchun kurash yo‘lini izchil davom ettirardi” deb yozadi o‘zining “Haqiqatga tik boqqan olim” nomli maqolasida filologiya fanlari doktori, akademik Shuhrat Sirojiddinov.
“Navoiydan navo topgan” kitobini, o‘qing. O‘z yo‘li, o‘z uslubiga ega olimga hech qachon oson bo‘lmaganiga yana bir bor amin bo‘lasiz.
O‘zA