Navoiydagi burilish: “So‘g‘diyona”ning ilk g‘alabasi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 7-turi doirasida Navoiy shahrida bo‘lib o‘tgan “Qizilqum” — “So‘g‘diyona” uchrashuvi jamoalar uchun o‘ziga xos sinovga aylandi. Mavsumni muvaffaqiyatsiz boshlagan jizzaxliklar aynan shu bahsda o‘z imkoniyatlarini namoyon etib, 3:1 hisobida ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi.
“Yoshlar” sport majmuasida kechgan uchrashuvda mehmonlar o‘yinni ancha faol boshladi. Ilk gol 29-daqiqada mezbonlar himoyachisi Bobomurod Bozorovning o‘z darvozaboniga to‘p uzatishdagi qo‘pol xatosidan unumli foydalangan mehmonlarning makedoniyalik legioneri Lyupcho Doriyev tomonidan kiritildi — 0:1.

Oradan ko‘p o‘tmay, 41-daqiqada mehmonlarning Chernogoriya davlatidan kelgan legioneri Feysal Mulich jamoa sardori Lyupcho Doriyevning aniq va o‘ylangan uzatmasidan so‘ng raqib himoyasidagi bo‘shliqdan ustalik bilan foydalanib, hisobni 0:2 ko‘rinishiga olib keldi. Bu esa birinchi bo‘limni jizzaxliklar foydasiga hal etdi.

Ikkinchi taymda ham “So‘g‘diyona” ustunlikni qo‘ldan boy bermadi. 61-daqiqada Otabek Jo‘raqo‘ziyevning aniq zarbasi hisobni yiriklashtirdi — 0:3.

Maydon egalari faqat 71-daqiqada Samandar Shukurullayev orqali javob golini kiritishga muvaffaq bo‘ldi — 1:3. Qolgan daqiqalarda hisob o‘zgarmadi.
Statistik jihatdan ham mehmonlar ustunlik qildi: tezkor qarshi hujumlar, markazdagi faollik va qanotlar orqali uyushtirilgan bosim o‘yin taqdirini belgilab berdi. Ayniqsa, darvozabon Shohruh Isoqovning harakatlari jamoa g‘alabasida muhim omil bo‘ldi.

O‘yindan so‘ng “So‘g‘diyona” bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev g‘alabaning kaliti sifatida jamoaning ruhiy tayyorgarligi va intizomini alohida ta’kidladi. Uning qayd etishicha, avvalgi uchrashuvlarda yo‘qotilgan ochkolar futbolchilarda psixologik bosim yuzaga keltirgan, shu bois bu gal, avvalo, jamoani ruhan tiklashga e’tibor qaratilgan.
Mutaxassislarning fikricha, mazkur g‘alaba “So‘g‘diyona” uchun mavsumdagi burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin. Chunki jamoa nafaqat uch ochkoga ega bo‘ldi, balki o‘z o‘yiniga bo‘lgan ishonchni ham qayta tikladi. Endi asosiy vazifa — ushbu natijani barqaror davom ettirish.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri