Navoiyda ham g‘alla o‘rimi boshlandi
Navoiy viloyati g‘allakorlari joriy yil hosili uchun 38 ming 39 gektar maydonga boshoqli don ekib, parvarishladi. Garchi ob-havo sharoiti noqulay kechgan bo‘lsa-da, fermerlar har bir kundan unumli foydalangan holda mo‘l hosil yetishtirdi.
Viloyatda joriy yil g‘alla hosilini o‘z vaqtida sifatli o‘rib-yig‘ib olish maqsadida 920 ta fermer xo‘jaligida 101 ta otryad tashkil qilinib, 909 nafar mas’ul jalb qilindi. Otryadlarga 101 dona yuqori unumli kombayn, shundan 35 dona “Keys”, 66 dona “Dominator”, don tashish ishlarida qatnashadigan 672 dona yuk avtomobili, 112 dona traktor tirkama, 16 dona ko‘chma ustaxona va 45 dona yoqilg‘i tashish vositalari biriktirildi.

– Joriy yilda barcha don qabul qilish maskanlari to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, mavsumga shay holatga keltirildi, – deydi “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi axborot xizmati rahbari Zulfiya Boboyeva. – G‘alla parvarishi bilan bog‘liq barcha agrotexnik tadbirlar, jumladan, mahalliy va mineral o‘g‘it bilan oziqlantirish, sug‘orish ishlari belgilangan talablar asosida olib borildi. Ushbu agrotexnik tadbirlar inspeksiya xodimlari tomonidan muntazam nazorat qilib borildi.

O‘rim mavsumi boshlanish avvalida Qiziltepa tumanidagi “Valiobod” fermer xo‘jaligi dalasida seminar tashkil etildi.
Unda viloyat hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Normat Tursunov, fermerlar va sohaga daxldor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, bu yilgi yangi tizim asosida 1 iyundan boshlab g‘allani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga o‘tilmoqda. Davlat resurslari uchun sotib olinadigan 1 tonna bug‘doy narxi o‘tgan yilgi 1,5 million so‘mdan bu yil 3 million so‘mga oshirildi. Shu narxda xarid qilingan bug‘doy oyma-oy birjaga chiqariladi, agar narxlar oshsa, fermerlarga o‘rtadagi ijobiy farq ham to‘lab beriladi. Bu esa fermerlarimiz va g‘allachilik klasterlar uchun juda katta imkoniyatdir.

Joriy yilda Qiziltepa tumanida 251 ta fermer xo‘jaligining 10 ming 224 gektar maydonida g‘alla yetishtirildi. Mavsumni o‘z vaqtida yakunlash maqsadida 30 ta otryad tashkil qilingan.
– Har yili viloyatda Qiziltepa tumanining O‘rta cho‘l hududida birinchilardan bo‘lib g‘alla o‘rim-yig‘imiga kirishiladi, – deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Qiziltepa tuman bo‘limi boshlig‘i Erkin Azimov. – “O‘rtacho‘l” hududida 83 ta fermer xo‘jaligining 3 ming 534 gektar maydoniga g‘alla ekilgan. Tuman bo‘yicha g‘alla o‘rimi ishlariga 30 ta kombayn jalb etilgan bo‘lib, xodimlar tomonidan kombaynlar texnik sozligi tekshirilib, sertifikatlar berildi. Don qabul qilish shoxobchalarining mavsumga shayligi o‘rganildi. G‘alla o‘rim-yig‘imi bilan bog‘liq barcha tadbirlar inspektorlar tomonidan nazorat qilib borilmoqda.
“Valiobod” fermer xo‘jaligi nafaqat tuman va viloyatda, balki respublikada ham ilg‘or xo‘jaliklardan biri sanaladi. Unga “El-yurt hurmati” ordeni sohibasi Ra’no Valiyeva rahbarlik qiladi. Mazkur fermer xo‘jaligi har yili g‘alla va paxtachilikda birinchilardan bo‘lib belgilangan rejani ortig‘i bilan bajaradi.

– Joriy yil hosili uchun 52 gektar maydonga bug‘doyning “Asr” navini ekib parvarishladik, – deydi R.Valiyeva. – Belgilangan rejamiz gektariga 25 sentner. Lekin dalada yetishtirilgan hosilimiz cho‘g‘iga qaraganda kamida 70 sentnerdan hosil olish olish niyatidamiz. Daromadimiz ham shunga yarasha bo‘ladi. Omborimizga to‘kilgan donning bir qismini ishchilarimizga tarqatamiz.
Rizq-ro‘zimiz bo‘lgan bug‘doyni isrof qilmasdan yig‘ishtirib olishda dalalarda mehnat qilayotgan dehqonlar, fermerlar, kombaynchilar va bu jarayonga mas’ul bo‘lgan boshqa mutasaddilarning fidoyiligi tahsinga loyiq. Zero, ularning bugungi mashaqqatli mehnati ertangi farovon turmushimiz va dasturxonimiz to‘kinligini ta’minlaydi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA