“Navoiy IES” mavsumga tayyorlanmoqda
Ayni paytda issiqlik elektr stansiyalari korxonalarida 2023-2024 yilgi kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, “Navoiy IES” AJning 478 MVtli bug‘-gaz qurilmasida kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Ta’mirlash ishlariga 100 nafar ishchi-xodim jalb etilgan bo‘lib, ular Yaponiyaning “Mitsubishi Corporation” kompaniyasidan kelgan 40 nafar malakali mutaxassis bilan hamkorlikda ish olib bormoqda.

– Ushbu ishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad kuz-qish mavsumida qurilmalarning ishonchli va barqaror ishlashini ta’minlash orqali aholiga uzluksiz issiqlik hamda elektr energiyasi yetkazib berishdan iborat, – deydi “Navoiy IES” AJ Bosh direktori Akmal Fayziyev. – Bundan tashqari, xodimlarimiz yaponiyalik hamkasblari bilan o‘zaro fikr almashib, sohaga doir bilimlarini mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Dastlab energoqurilma soha mutaxassislari tomonidan to‘liq ko‘rikdan o‘tkazildi. Hozir ushbu qurilmaning bug‘ va gaz turbinasi hamda ularning generatorlarida aniqlangan nuqsonlar bosqichma-bosqich bartaraf etilmoqda.
A.Bo‘riyev,
O‘zA